Apple va Google smartfonga zarar yetkazadigan yana bir “yomon odat”ni ma’lum qildi

Apple va Google smartfonga zarar yetkazadigan yana bir “yomon odat”ni ma’lum qildi

Ba’zi turdagi smartfonlarda ulardagi ilovalarni avtomatik ravishda yopib qo‘ysa bo‘ladi. Ya’ni, iPhone displeyi quyisida joylashgan bosh tugmaga ikki marta chertish orqali, Android qurilmalarda esa bu ishni ko‘p funksiyali tugmacha yordamida amalga oshirish mumkin. Foydalanilmayotgan ilovalarni o‘chirishni siz ham qurilma faoliyatini “yengillashtiruvchi”, gadjetni “tozalovchi” jarayon, deb o‘ylaysiz. Eng muhimi, sizningcha, faol ilovalarning kamligi akkumulyator hayotini uzaytirish uchun ayni muddao. To‘g‘rimi?

Ammo bunday fikrlash xato ekan. O‘tgan haftada Apple hamda Google kompaniyalari mutaxassislari bu haqida o‘z munosabatlarini bildirdilar.

Android dasturlari injiniringi bilan shug‘ullanuvchi jamoa vitse prezidenti Hiroshi Lokheymerning so‘zlariga ko‘ra, ilovalardan foydalanishni to‘xtatishning akkumulyator quvvatini tejashga hech qanday yordami tegmaydi. Aksincha, bu odat qurilmani ishdan chiqarishi mumkin.

Bu shunchaki axborot emas. Bu Android platformasini yaratgan ekspertning maslahati. Ilovalarni o‘chirib tashlash qanday qilib telefonga ta’sir qilishi mumkinligini tushunish uchun esa, ularda ko‘p funksiyalilik rejimi qanday ishlashi haqida bilib olish kerak bo‘ladi.

Misol uchun, iOS operatsion tizimida ilova har qanday vaziyatda 5 xil holatda bo‘ladi. Ya’ni, ilova hali o‘rnatilmagan bo‘lishi mumkin. Ilova asosiy ekranda bo‘lishi mumkin. Ilova yoqilgan bo‘lsa ham, undan foydalanilmayotgan bo‘lishi mumkin. Yoki ilova ko‘rinmasa ham, aslida u ishlayotgan bo‘lishi mumkin. Misol uchun, bu turdagi ilovalar elektron pochtani har-har zamonda yangilab, yangi xabarlar kelgani aniqlaydi. Ilovaning yana bir turi bo‘ladi: u xotiraga joylashib, ko‘zga ham tashlanmaydi.

Android va iOS operatsion tizimlarida algoritm xotira boshqaruvi asosida ishlaydi. Ya’ni, ular o‘chirish zarur bo‘lgan ilovalarni, xususan ancha vaqtdan buyon ishlatilmay kelinayotgan, ko‘p joy egallagan yoki ko‘p quvvat yeydigan ilovalarni avtomatik ravishda yopib qo‘yadi.

Har ikkala operatsion tizim foydalanuvchi ehtiyoj sezadigan, tez-tez murojaat qiladigan, siz yangilashni istaydigan ma’lumotlarga oid statistikani avtomat shakllantirib boradi.

Smartfon xotirasidagi ilovalarni ishga tushirganda ular boshidan boshlab qayta yuklanmaydi, shu tufayli nisbatan tezroq ishga tushadi. Bu ilovalarni ishga tushirish ko‘proq bir muddat ishlatilmagani tufayli “uxlab qolgan” kompyuterni sichqoncha yordamida yengil “uyg‘otish”ga o‘xshab ketadi. Ilovani har gal o‘chirib, ma’lum vaqtdan keyin yana qayta ishga tushirish esa smartfonni qiynab qo‘yadi. Bu go‘yoki kompyuterni qayta o‘chirib-yoqishga o‘xshaydi: smartfon hammasini boshidan boshlashiga to‘g‘ri keladi. Natijada bu jarayon qurilmaning ichki faoliyatini asta-sekin ishdan chiqaradi va bora-bora sekin ishlashiga sabab bo‘ladi.

Agar qurilma quvvatini tejashni istasangiz, buning boshqa usullari ham bor. Buning uchun ekran yorug‘ligini pasaytiring, ba’zi bir ko‘rinmas ilovalarning avtomatik yangilanish funksiyasini o‘chiring, iOS’da “past quvvat rejimi”ni, Android’da “Doze” tejamkor rejimini yoqing. Shu bilan birga, ilovalarning manzilni aniqlash funksiyalarini o‘chirib qo‘yish ham akkumulyatorga katta yordam beradi. Agar asabiy holatda bo‘lsangiz, tinchlanib olguningizga qadar smartfoningiz “Airplane Mode” rejimida turgani ma’qul.

Lekin ilovalarni o‘chirib qo‘yishdek gadjetga zarar yetkazadigan odatdan voz keching.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!