Davlat raqobat qo‘mitasi: UzPaynet operatorlar uchun diskriminatsion shartlar belgilagan

Davlat raqobat qo‘mitasi: UzPaynet operatorlar uchun diskriminatsion shartlar belgilagan

Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi UzPaynet MChJ QKning operatorlar — o‘z xizmatlari uchun to‘lov qabul qiluvchilar uchun qo‘llaniladigan tariflarini o‘rganib chiqdi, deb yozadi qo‘mita matbuot xizmati. Natijada operatorlarning ba’zi toifalariga nisbatan tariflar qo‘llashda diskriminatsion shartlardan foydalanish holatlari aniqlandi, deb yozmoqda Daryo.Uz.

UzPaynet MChJ QKning mobil aloqa, shahar telefon aloqasi va kommunal xizmatlar bo‘yicha to‘lov qabul qilishda ushlab qolinadigan pul miqdori to‘lov summasining 4,5 foizidan oshmaydi.

Shu bilan birga, internet xizmatlari va boshqa xizmatlar uchun to‘lov qabul qilishda ushlab qolinadigan pul miqdori esa o‘rtacha 10 foizni tashkil etadi (4,5% — 15%).

Ushbu holat yuzasidan qo‘mita UzPaynet MChJ QKga nisbatan shartnomaga diskriminatsion shartlar kiritish bo‘yicha ish qo‘zg‘adi va unga raqobat haqidagi qonunchilik talablarini buzishni to‘xtatish va yo‘l qo‘ymaslik haqida buyruq berildi.

Buyruq talablaridan kelib chiqib, UzPaynet kommunal xizmatlar operatorlariga 2% hamda boshqa barcha operatorlarga 4,5% hajmida yagona tarif belgiladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!