IT (AT) haqida boshlang‘ich ma’lumotlar

IT (AT) haqida boshlang‘ich ma’lumotlar

Hozirgi kunda, juda ko‘p joylarda «IT» so‘zini uchratishimiz mumkin, xo‘sh bu so‘z o‘zi nima?

IT — ingliz tilidan olingan «Information Technology» so‘zlarining qisqartmasi bo‘lib, o‘zbek tilida «Axborot texnologiyalari» deb yuritiladi. Shunday bo‘lsa ham, biz bu so‘zni IT ko‘rinishida talaffuz qilamiz va ishlatamiz.

Navbatdagi savol, «Information Technology» nima degani?

Information Technology bu — axborotni hosil qilish, uni yig‘ish, tarqatish, saqlash, qayta ishlash, himoyalash kabi vazifalarni bajaruvchi hisoblash texnikasidir. Hozirgu kunda hisoblash texnikasi vazifasini kompyuter bajarmoqda, shunday ekan IT so‘zi ishlatilganda asosan kompyuter texnologiyasi tushuniladi.

IT so‘zini ishlatganda bir narsaga e’tibor bering, hech qachon «IT texnologiyalari» deb gapirmang, sababi, agar bu gapingizni to‘liq to‘g‘ri yozadigan bo‘lsak »Information Technology» texnologiyalari, yoki o‘zbekchaga o‘girsak «Axborot texnologiyalari texnologiyalari» ko‘rinishida namoyon bo‘ladi, bu sal g‘alati bo‘lsa kerak.

Nazariy ma’lumotlar bilan tanishib oldik, xo‘sh xayotda bu so‘z bilan nimalarni bog‘lashimiz mumkin?

— Muloqot paytida (ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar, elektron pochta, chat,…);

— axborot olish chog‘ida (xabarlar, ob-havo ma’lumotlari,…);

— axborotni qayta ishlashda (matematik amallarni bajaruvchi dasturlar, grafiklar, video, yozuv,…);

— o‘qish jarayonida (elektron kitoblar, interaktiv darslar, qo‘llanmalar,…);

— dam olishda (kinolar, musiqalar, o‘yinlar,…).

Demak, hayotimiz shu so‘z bilan chambarchas bog‘liq ekan. Qanday ish qilishimizdan qat’iy nazar, hattoki dam olayotganimizda ham IT hizmatlaridan foydalanar ekanmiz. Oddiy mobil telefonimiz ham IT qurilma hisoblanadi, chunki biz bu qurilmada qandaydir ma’lumotlar saqlaymiz.

Ish jarayonimiz kompyuter texnologiyalari bilan bog‘liq bo‘lgani sababli, har bir korxonada alohida IT bo‘limlar mavjud, hattoki umuman kompyuterga aloqasi bo‘lmagan korxonalarda ham. Demak, bu sohaga qiziqish va talab katta.

Manba: ITportal.Uz

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.