Nokia 4G aloqadan 1000 marta tezkor 5G’ni va’da qilmoqda

Nokia 4G aloqadan 1000 marta tezkor 5G’ni va’da qilmoqda

Axborot texnologiyalari ishlab chiqaruvchilari aloqa xizmatlari foydalanuvchilariga 2020 yildan jahonda 5G aloqa tarmog‘idan foydalanish mumkin bo‘lishini aytishmoqda.

Nokia kompaniyasi ham o‘tgan haftada 5G aloqa tarmog‘iga oid qarashlari hamda tajribasini bayon qildi.

Nokia’ning 5G prognoziga ko‘ra, 5G avtomobillarning xavfsiz harakatlanishi, jarrohlikda simsiz boshqariladigan robotlarning tatbiq qilinishi, sanoat rivojlanishida muhim o‘rin egallaydi.

Mobil va keng polosali internet tarmoqlari uchun telekommunikatsiya qurilmalarini ishlab chiqaruvchi Nokia kompaniyasi 5G tarmog‘ini rivojlantiruvchi yirik muassasalardan biriga aylanishni ham reja qilmoqda.

Kompaniya sinovdan o‘tkazgan 5G texnologiya internet tarmoqlari orqali sekundiga 30 gigabit hajmdagi ma’lumotni almashish imkonini bergan. Ya’ni, bu 4G aloqa avlodidan 1000 marotaba tezkor aloqa degani.

Bir muddat avval axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va tarmoqlarini ishlab chiqish, tadqiqot va ilmiy loyihalarni tashkil etish sohasida jahonning yetkachi kompaniyasi Cisco 2020 yilga kelib jahondagi mobil aloqa foydalanuvchilari soni 5.5 milliard nafarga yetishi, ya’ni, Yer aholisining 70 foizi aloqa vositalaridan foydalanish imkoniga ega bo‘lishini aytgan edi. Bu esa tezkor aloqaga bo‘lgan ehtiyojni oshiradi.

5G tarmog‘ida videoaloqa sifati ham oshib, 4K, ya’ni HD formatidan 4 marotaba yaxshi bo‘lgan formatda suhbatlashish mumkin bo‘ladi.

Haydovchisisiz avtomobillarni simsiz tarmoqlar orqali boshqarish hisobga olinsa, mashina sensorlari va ular to‘playotgan ma’lumotlarni qayta ishlaydigan markazlar o‘rtasidagi aloqa tezkor va sifatli bo‘lishi talab etiladi. Demak, o‘z-o‘zini boshqaruvchi avtomobillar taqdiri ham 5G’ga bog‘liq.

Shuningdek, tibbiyotda yoki boshqa xizmat ko‘rsatish sohalariga robotexnikalarni jalb qilishning muhim sharti ham tezkor aloqa hisoblanadi.

“5G insoniyat kelajagining avtomatlashtirilgan imkoniyatlardan iborat yangi bosqichni boshlab beradi. Yangi avlod aloqa tarmog‘i biznes, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalar rivojida muhim o‘rin tutadi,” deydi Nokia’ning bosh texnologi Markus Ueldon.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!