O'zbekistonda Oppo Reno8 T smartfoni sotuvlari boshlandi

O'zbekistonda Oppo Reno8 T smartfoni sotuvlari boshlandi

Oppo kompaniyasi o'tgan fevral oyi boshida o'zining Reno8 T smartfonini ortiqcha dabdabalarsiz global bozorga taqdim qildi. Ma'lum bo'lishicha, kompaniyaning yangi o'rta sinf smartfonlari sotuvi O'zbekistonda ham boshlangan.

Oppo Reno8 T aslida ikki xil: MediaTek'ning 6 nanometrli Helio G99 chipsetida ishlaydigan 4G, hamda, Qualcomm'ning Snapdragon 695 chipsetida ishlaydigan 5G variantlarida chiqarilgan, lekin siz O'zbekistonda faqat uning 4G modelini topasiz (5G bo'lmagandan keyin 5G variantini nima ham qilardingiz?).

Shunday qilib, bizning Oppo Reno8 T smartfonlarimiz MediaTek chipsetida faqat 8 GB (+8 GB virtual) RAM va 128 GB xotira bilan Android 13 ga asoslangan ColorOS 13 operatsion tizimida ishlaydi. Uning batareyasi 5000 mA/soat bo'lib, uni SuperVOOC texnologiyasiga asoslangan 33 Vt tezlikda USB-C porti orqali zaryadlash mumkin. Kompaniyaning ta'kidlashicha bunday tezlikda smartfon 67 daqiqada 100% quvvatlanadi.

Smartfonning Gorilla Glass 5 bilan himoyalangan 6.43 dyuymli displeyi 90 gerts yangilanish tezligiga va FHD+ (2400×1080) piksel rezolyutsiyasiga ega. Ekranning chap yuqori burchagidagi yumaloq kamera tirqishida 32 megapikselli selfi kamera joylashgan.

Orqa tomondagi ikkita katta yumaloq kamera orollarida yana uchta tasvirga olish sensorlari bor. Ularning asosiysi 100 MP (f/1.7) va u alohida yumaloq kamera orolidan o'rin olgan. Qolganlarining ikkalasi ham 2 MP bo'lib, ularning biri portret, yana biri esa 40 karra yaqinlashtirishga ega makro kameralardir. Ular LED chirog'i bilan ikkinchi kamera orolidan joy olishgan.

Oppo Reno8 T'ning boshqa smartfonlaridan ajratib turadigan xususiyati bu uning orqa asosiy kamera orolida joylashgan Orbit Light nomli halqa chirog'i bo'lib, u sizni bildirishnomalar kelganda, smartfon quvvat olayotganida va boshqa holatlarda ogohlantiradi. Endi esa siz uni o'zingiz uchun ham moslashtirib olishingiz ham mumkin.

Qo'shimchasiga smartfonda 3.5 millimetrli naushnik uyasi, ikkilik nano SIM-karta uyasi, ikkilik stereo dinamiklar, Bluetooth 5.3, NFC, barmoq izi va yuzni aniqlash skanerlari ham bor.

Oppo Reno8 T ikki xil: Sunset Orange va Midnight Black ranglarida taklif qilinadi. Bunda apelsin rangli model charm bilan qoplangan. Bu bilan uning qalinligi 7.85 millimetrni, og'irligi esa 183 grammni tashkil qiladi. Qora rang variantdagi Reno8 T esa plastik bilan qoplanganligi bilan birozgina yengil va ingichkaroq: 7.80 mm/180 gramm.

Oppo Reno8 T smartfoni 8/128 GB xotira konfiguratsiyasida hozirda mediapark.uz saytidan 3 999 000 so'm narxda sotib olishingiz mumkin.