Telegram’da audio-qo‘ng‘iroq funksiyasi ishga tushdi

Telegram’da audio-qo‘ng‘iroq funksiyasi ishga tushdi

Telegram messenjerining shaxsiy blogida ma’lum qilinishicha, G‘arbiy Yevropa mamlakatlardagi Android va iOS operatsion tizimi foydalanuvchilari ilova orqali audio qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish imkoniga ega bo‘ldilar. Funksiya Telegram’ning yangi 3.18 raqamli talqinida ishlaydi. iOS’da qo‘ng‘iroqni amalga oshirish uchun ilovaning bosh sahifasida tegishli tugmani o‘rnatish kerak. Android foydalanuvchilari esa ilovaning chap qismidagi paneli orqali aloqaga chiqishlari mumkin.


“Qo‘ng‘iroq” funksiyasi orqali amalga oshirilgan suhbatlarning yuqori darajada shifrlanishi kompaniya tomonidan kafolatlangan. Suhbatdosh shifrlashda 4 ta smaylikdan iborat kalit so‘zni tanlaydi. Xuddi shu belgilar ikkinchi tomondagi odamning ekranidagi belgilarga muvofiq kelsa, suhbat 100 foiz himoyalangan bo‘ladi. Ya’ni, uni 3-tomon eshita olmaydi.

Ilova sozlamalarida qo‘ng‘iroqlarni boshqarish funksiyasi mavjud. Misol uchun, aloqa ro‘yxatidagi nomaqbul odamlarning qo‘ng‘irog‘ini cheklab qo‘yish mumkin. Shuningdek, qo‘ng‘iroq chog‘idagi megabayt trafigining miqdorini ham belgilash mumkin. Sozlamalarda aloqa sifatini pasaytirish orqali trafikni chegaralash imkoni ham mavjud.

Hozircha faqatgina muayyan foydalanuvchiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin. Foydalanib ko‘rganlar majoziy ma’noda aloqa sifatini “kristall tozaligi”ga tenglashtirishmoqda. Ya’ni, ovozning uzatilishi juda sifatli va aniq-tiniq. Kompaniya buning uchun jahon miqyosida o‘zining serverlarini o‘rnatib chiqmoqda. Guruhli qo‘ng‘iroqlarning yo‘lga qo‘yilishi to‘g‘risida ma’lumot yo‘q. Shu bilan birga, kompaniya video qo‘ng‘iroqlarning joriy qilinishi borasida ham ma’lumot bermagan.

Telegram messenjerining yangi talqinida audio qo‘ng‘iroqni amalga oshirish bilan birga, foydalanuvchi videorolikning megabayt hajmini qisqartirish darajasini belgilashi, jo‘natishdan avval natijani ko‘rishi mumkin bo‘ldi.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, G‘arbiy Yevropa chegarasidagi Germaniya, Fransiya, Belgiya, Buyuk Britaniya va jahonning boshqa davlatlar aholisi ham tez orada Telegram orqali ovozli aloqa o‘rnata boshlaydilar.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!