Nima uchun hali ham "istoriya" qo'ya olmayapmiz?

Nima uchun hali ham

O'tgan iyun oyi oxirida Pavel Durov Telegram'ga Stories funksiyasi qo'shilishini e'lon qildi. Iyul oyida esa funksiya Premium obuna egalari uchun eksklyuziv tarzda ishga tushirildi. Avgust oyi o'rtalariga kelib, Stories Telegram'ning 10 yillik yubileyida katta yangilanish bilan barcha foydalanuvchilar uchun (Telegram Premium obunasi borligidan qat'iy nazar) foydalanishga topshirildi.

Biroq, mana 10 kundirki Telegram'ning Stories funksiyasidan darak yo'q, garchi ilovaning eng so'nggi versiyasini ikki-uch marta qayta o'rnatib ko'rgan bo'lsang ham. Ma'lum bo'lishicha funksiya O'zbekiston hududida hozircha mavjud emas va biz yolg'iz emasmiz: Rossiya, Ukraina va Indoneziya davlat raqamlari bilan messenjerdan ro'yxatdan o'tganlar ham Stories imkoniyatlaridan foydalana olishmayapti.

Nimaga?

Ushbu savolga aniq va rasmiy javob yo'q, lekin shuni tahmin qilish mumkinki, bunga funksiyaning messenjer serverlariga olib keladigan kuchlanishi sabab bo'lishi mumkin. Bilasiz, deyarli barcha o'zbekistonliklar Telegram messenjerida bor. Rossiya va ukrainaliklar ham Durov messenjeridan, ayniqsa, shu kunlarda juda aktiv foydalanishmoqda. Stories Telegram'ning navbatdagi odatiy funksiyalaridan biri emas va u media, ya'ni rasm va videolar bilan ishlaydi. Millionlab Telegram foydalanuvchilarining birvarakayiga Stories qo'yishlari esa ehtimol Telegram serverlarining ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin. Boshqa hudud foydalanuvchilari, masalan, AQSH yoki Avstraliya esa yangi funksiyadan bemalol foydalana olishadi, chunki ushbu mamlakatlarda xizmat unchalik ommalashmagan va kamchilik foydalanishi hisobiga Telegram'ga ortiqcha yuklanish tushmaydi.

Nima qilish kerak?

Kutish. Funksiya tez orada barcha uchun ishga tushirilishi aniq. Agar kutishni yoqtirmasangiz Telegram Premium obunasini sotib olishingiz va xohlagancha Stories qo'yishingiz mumkin.

Ma'lumot uchun: Telegram'ning Stories yangilanishi haqidagi barcha ma'lumotlarni mana bu yerdan olishingiz mumkin.