Telegram ham ko'chirishni biladi: messenjerga Stories funksiyasi qo'shilmoqda!

Telegram ham ko'chirishni biladi: messenjerga Stories funksiyasi qo'shilmoqda!

Yaqinda barchamizga ma'lum va mashhur video-striming platformasi, YouTube o'zining Stories funksiyasi ishlashini 26-iyundan boshlab to'xtatayotganligini e'lon qilgan edi. Qizig'i shundaki, bir ijtimoiy tarmoq Stories'dan voz kechayotgan bir vaqtda boshqasi uni endigina o'zlashtirmoqda – tez orada Telegram messenjeriga Stories funksiyasi qo'shiladi.

So'nggi paytlardagi WhatsApp'ning ko'chirmakashliklarini maqtov sifatida qabul qilishini ta'kidlagan holda Pavel Durov o'zining Telegram messenjeriga Stories funksiyasi qo'shilayotganligini e'lon qildi. Uning aytishicha, yangi funksiya so'rovlarining yarmidan ko'pi Stories bilan bog'liq bo'lgan.

"Dastlab, Stories'lar allaqachon hamma joyda mavjudligi sabab biz bunga qarshi edik. Biroq, agar biz foydalanuvchilarni tinglamaganimizda va mavjud formatlarda yangilik kiritmaganimizda Telegram Telegram bo'lmas edi.", – deydi Pavel Durov.

Shunday qilib, endi Telegram'ga ham "storis" funksiyasi qo'shilmoqda. Ma'lum bo'lishicha, siz Telegram'dagi storislaringizni kimlar ko'ra olishini aniq boshqara olasiz. Bunda siz storislaringizni ko'ra oladiganlar sifatida hammani, faqat kontaktlaringizni, ayrim kontaktlaringizni yoki yaqin do'stlaringiz ro'yxatini tanlashingiz mumkin bo'ladi.

Telegram storisi ko'rinishi

Xuddi boshqa ijtimoiy tarmoqlarda bo'lgani kabi Telegram'da ham storislar lentaning eng yuqorisida paydo bo'ladi. Ammo boshqalardan farqli o'laroq Telegram'da siz ularni yuqoriga qisman yashirib qo'yish imkoniga ega bo'lasiz. Shuningdek, foydalanuvchilar o'zlari ko'rishni istamaydigan odamlarning storislarini Kontaktlar bo'limidagi "Yashirin" ro'yxatga qo'shish orqali asosiy ekrandan berkitib qo'yishlari ham mumkin.

Telegram'da storis yaratishda siz bir vaqtning o'zida ham old, ham orqa kameralaringizdan foydalana olasiz. Storisni joylashdan avval esa siz Telegram'ning mavjud surat va video tahrirlovchilaridan foydalanishingiz, storislaringiz uchun sarlavhalar va havolalar qo'shishingiz, boshqalarni belgilashingiz (xalq tili bilan aytganda "atmetka" qilishingiz) mumkin bo'ladi.

Telegram storislari yuqoriga yig'ishtirilgan holda ko'rinishi

Storislar ma'lum vaqtdan keyin avtomatik o'chib ketishi bilan o'ziga xos hisoblanadi, lekin Telegram'da siz ularni bir umrga saqlab qolishingiz mumkin (yoki 6, 12, 24, 48 soatdan keyin o'chib ketishini belgilash imkoniyatiga egasiz).

Messenjer rahbarining qo'shimcha qilishicha, xabarlarni kanallardan to'g'ridan-to'g'ri storisga repost qilish bilan Telegram'da "virusdek tarqalish" yanada oson bo'ladi.

Hozirda Telegram'ning Stories funksiyasi so'nggi sinov jarayonlaridan o'tkazilmoqda va u kelayotgan iyul oyi boshida ilovaga qo'shiladi.

Stories funksiyasi ko'pchilikka Instagram orqali tanilgan, biroq, aslida u ilk bor 2013-yilda Snapchat'da paydo bo'lgan. Shundan so'ng, Stories funksiyasi deyarli barcha ijtimoiy tarmoqlar, xususan, Facebook, Instagram, hatto yaqinda chiqqan TikTok va boshqalar tomonidan o'zlashtirildi. Messenjerlar orasida esa Whatsapp ehtimol birinchilardan bo'lib, storis xususiyatini o'zlashtirgan. Qolaversa, yaqinda Telegram'ning yana bir ashaddiy raqiblaridan biri Signal ham Stories xususiyatini o'zining funksiyalari ro'yxatiga qo'shgan edi. Endi esa bu funksiya Telegram'da ham bo'ladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!