Apple o'zining iPhone, iPad va Mac qurilmalari uchun yangi turdagi yangilanishni chiqardi

Apple o'zining iPhone, iPad va Mac qurilmalari uchun yangi turdagi yangilanishni chiqardi

O'tgan yilning WWDC konferensiyasida Apple o'zining iPhone, iPad va Mac qurilmalari uchun Rapid Security Response (Tezkor xavfsizlik javobi) yangilanishini taqdim qilgan edi. Yangi turdagi ushbu tizim yangilanishi foydalanuvchilar uchun jiddiy xavf tug'diradigan xavfsizlik zaifliklarini tezda tuzatishga qaratilgan bo'lib, u doimgi yangilanishlarga qaraganda tezroq o'rnatiladi va hatto, bu turdagi ayrim yangilanishlarni smartfonni o'chirib yoqmasdan ham o'rnatish mumkin bo'ladi. Kecha, O'zbekiston vaqti bilan tungi 10:00 lar atrofida Apple o'zining ana shunday tezkor xavfsizlik javobi yangilanishining ilk versiyasini chiqardi (The Verge orqali).

iOS versiyasi 16.4.1 bo'lgan iPhone egalari xuddi shu versiyaning yoniga "(a)" belgisi qo'shilgan, ya'ni iOS 16.4.1 (a) 85 MB hajmdagi "tezkor xavfsizlik javobi" yangilanishini qabul qilishgan. Eng so'nggi iPadOS va macOS versiyasidagi iPad hamda Mac foydalanuvchilari uchun ham xuddi shunday: iPadOS 16.4.1 (a) va macOS 13.3.1 (a) yangilanishi tarqatilgan. Ta'kidlash joizki, eski versiyadagi operatsion tizim foydalanuvchilari ushbu tezkor xavfsizlik yangilanishini olishmaydi. Ular uchun tuzatishlar keyingi yangilanishlar bilan birga keladi.

Afsuski, Apple'ning ilk "tezkor xavfsizlik javobi"ni qabul qilish uning xaridorlari uchun ko'ngildagidek kechmadi – ko'pchilik foydalanuvchilar yangilanish chiqarilishi bilan uni darhol o'rnata olishmagan yoxud ularda "Xavfsizlik javobini tekshirib bo'lmadi" nomli xabar paydo bo'lib qolavergan. Unda "iOS Security Response 16.4.1 (a) tekshiruvi amalga oshmadi, chunki siz endi internetga ulanmagansiz." deyilgan. Biroq oradan 2-3 soat o'tgach hammasi joyiga tushgan, yangilanishni 30 soniya ichida o'rnatish mumkin bo'lgan.

Rapid Security Responses - bu iPhone, iPad va Mac uchun dasturiy ta'minot yangilanishining yangi turi bo'lib, ular dasturiy ta'minot yangilanishlari o'rtasida muhim xavfsizlik yaxshilanishlari bilan ta'minlaydi - masalan, Safari veb-brauzeri uchun tuzatishlar, WebKit struktura to'plami yoki boshqa muhim tizim kutubxonalari. Shuningdek ular allaqachon ishga tushgan ba'zi xavfsizlik muammolarini tezkor yengillashtirish uchun ishlatilishi ham mumkin – Apple.

Hozircha Apple o'zining iOS uchun xavfsizlik yangilanishlari sahifasini nima uchun tezkor xavfsizlik yangilanishini chiqarganini yoxud aynan qaysi muammolar tuzatilayotganini tushuntirish uchun yangilaganicha yo'q.