Bir davrning intihosi: Alawar o'zining kompyuter uchun o'yinlar do'konini yopmoqda

Bir davrning intihosi: Alawar o'zining kompyuter uchun o'yinlar do'konini yopmoqda

Oddiy, lekin shu bilan birga, qiziqarli va sarguzashtlarga boy kompyuter o'yinlari bilan tanilgan Alawar kompaniyasi o'zining rasmiy veb-saytida juda qiyin qarorni qabul qilganligini e'lon qildi – u o'zining o'yinlar do'konini yopmoqda. Ma'lum bo'lishicha, alawar.com saytining o'yinlar bo'limi, ya'ni kompyuter uchun yashirin obyektlar, vaqt menejmenti va boshqotirma kabi janrlardagi o'yinlar sotiladigan do'koni joriy yilning 1-iyun sanasidan boshlab o'z faoliyatini to'xtatadi.

"Agar siz bu xabarni ko'rib turgan bo'lsangiz, unda Alawar o'zining www.alawar.com veb-saytining o'yin bo'limlarini yopish haqida qiyin qarorni qabul qilgan. 2023-yilning 1-iyunidan boshlab biz "Foydalanish shartlari"ga to'liq mos ravishda www.alawar.com veb-saytining o'yin bo'limlarini yopamiz.", – deyiladi alawar.com veb-saytida.

Shunday ekan, agar yoshligingizni eslatadigan nostaljik Alawar o'yinlarini qayta o'ynashga niyat qilgan bo'lsangiz, ularni hoziroq olish va aktivatsiya qilib qo'yish maslahat beriladi, chunki yozning ilk kunidan boshlab siz ularni alawar.com orqali na sotib ola olasiz, sotib olgan bo'lsangiz na aktivatsiya qila olasiz. Albatta, avval olib qo'ygan va aktivatsiya qilgan o'yinlaringizni keyinchalik o'ynashda davom etishingiz mumkin bo'ladi.

Ta'kidlash joizki, alawar.com do'konining yopilishi ayrim Alawar o'yinlari uchun yo'lning oxiri emas yoxud siz kompaniya onlayn do'koni yopilgandan keyin ham undagi ko'plab o'yinlarni Alawar'ning Steam platformasidagi rasmiy sahifasidan yoki iWin va Big Fish kabi boshqa o'yin do'konlaridan ham topishingiz mumkin bo'ladi.

Alawar kompaniyasiga 1999-yilda Novosibirsk davlat universiteti talabalari, Aleksandr Liskovskiy va Sergey Zanin tomonidan asos solingan. Kompaniyaning alawar.com (yoxud alawar.ru) o'yinlar do'koni esa 2003-yilda ishga tushirilgan edi.

Masalan, Alawar tomonidan ishlab chiqarilgan eng mashhur o'yin, Farm Frenzy o'yinlar seriyasini alawar.com do'koni yopilgan keyin ham Steam orqali istalgan vaqt sotib olishingiz mumkin. 

Aytish kerakki, Alawar nafaqat kompyuterlar va balki hozirda smartfonlar uchun ham o'yinlar chiqaradi. 

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!