Jahldor qushlar va Sonik tipratikan birlashmoqda!

Jahldor qushlar va Sonik tipratikan birlashmoqda!

Yaqinda isroillik mobil o'yinlar ishlab chiqaruvchi Playtika kompaniyasi o'zining Angry Birds nomli o'yini bilan tanilgan Rovio kompaniyasini 800 million dollarga sotib olish taklifi bilan chiqqan edi. Biroq, bu muzokara rasman mart oyida omadsiz yakunlangan. Endilikda ma'lum bo'lishicha, finlandiyalik kompaniyani Sega qo'lga kiritishi mumkin.

The Wall Street Journal nashri masaladan xabardor odamlar bergan ma'lumotlarga asoslanib xabar berishicha (The Verge orqali), Sega kompaniyasi Rovio Entertainment'ni 1 milliard dollarga sotib olish kelishuviga yaqinlashmoqda. Yaponiyalik biznes konglomerati muzokaralarni kelasi hafta boshida yakunlashi mumkin.

Sega yoxud uning bosh kompaniyasi bo'lmish Sega Sammy Holdings aynan Rovio Entertainment uchun shuncha mablag' sarflayotgan qiziq tuyuladi, chunki so'nggi yillarda Angry Birds o'yinlariga bo'lgan qiziqish sezilarli darajada kamaygan – franshiza mashhurligi 2014-yilda eng yuqori nuqtaga chiqqandan beri "qulashda" davom etmoqda.

Rovio kompaniyasining Angry Birds o'yini 1 milliard yuklab olishlar natijasiga erishgan eng birinchi mobil o'yin hisoblanadi va bu "Ginnes rekordlar kitobi"ga kiritilgan. O'yinning 2016-yilda chiqarilgan animatsion filmi, The Angry Birds Movie esa hozirda eng yuqori daromad keltirgan o'yin filmlari orasida yettinchi o'rinda turadi.

Eng birinchi chiqarilgan Angry Birds o'yinini 2019-yilda ilovalar do'konlaridan olib tashlangandan keyin, 2022-yilda pulli tarzda qaytarildi. Ammo, uning ham davri uzoqqa cho'zilmadi: yaqinda Rovio joriy yilning 26-fevral kuni foydalanuvchilarni bir marta sotib olib bir umr tekinga o'ynaladigan original Angry Birds'dan ko'ra, bepul, lekin ichki sotuvlari mavjud bo'lgan boshqa o'yinlariga o'tishga undash uchun o'yinni Google'ning Play Store do'konidan olib tashlanishini, Apple'ning App Store do'konida esa nomi o'zgartirilishini e'lon qilgan edi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!