Apple barcha xohlovchilar uchun iOS 12’ni taqdim etdi – uni hoziroq o‘rnatish mumkin!

  •   DiMaX
  •  2145
  •  26.06.2018 19:23

Apple barcha xohlovchilar uchun iOS 12’ni taqdim etdi – uni hoziroq o‘rnatish mumkin!

Garchi kupertinolik kompaniya iOS 12 operatsion tizimining beta-versiyasini hali 4 iyundayoq namoyish etgan bo‘lsa-da, uni faqat dasturchilargina sinab ko‘rishayotgan edi. Endi esa barcha iPhone egalari uchun yangilangan proshivkani sinab ko‘rish imkoni taqdim etildi.

O‘QING: Xakerlar iOS 12 o‘rnatilgan iPhone X himoyasini ham allaqachon buza olishdi! (+video)

Qanaqa afzalliklari bor?

iOS 12 talqinining asosiy ustunliklaridan biri – Apple’ning eski modellardagi smartfon va planshetlarida ish samaradorligini sezilarli darajada oshirgani bo‘ldi.

Shuningdek, yangi – Screen Time funksiyasi foydalanuvchilarning gadjet bilan o‘tkazadigan vaqtini nazoratga olish imkonini beradi. U har bir ilovada o‘tkazgan vaqtingiz bo‘yicha hisobotni taqdim etadi, yana ularning har biridan foydalanish vaqtini cheklashga ham qodir. Bularning barchasi kishilarni o‘z smartfoni yoki planshetiga tobelikdan qutqaradi.

O‘QING: Gadjetingizga bog‘lanib qoldingizmi? Bundan iOS 12 orqali xalos bo‘lasiz

iOS 12 talqinida bildirishnomalar tizimi ham o‘zgartirilgan: endi blokirovka ekranidanoq ularni guruhlarga ajratish va ovozlarini o‘chirish mumkin. Bundan tashqari, «Bezovta qilinmasin» rejimining funksionalligi ham kengaytirilgan. Natijada esa belgilangan vaqtlarda – masalan, tunda yoki ish soatlarida keraksiz bildirishnomalarga chalg‘imaslik imkonini beradi.

Misli ko‘rilmagan imkoniyatlar

Yangi kiritilgan katta imkoniyatlardan biri – FaceTime orqali guruhli videoqo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish mumkinligidir. iOS 12 talqini naq 32 kishigacha ishtirokida guruhli videochat qilishga imkon beradi.

Fotogalereya ilovasida endi kontekstli qidiruvga ega bo‘ldi; shuningdek, u tegishli suratlarni ijtimoiy tarmoqlarda chop etish bo‘yicha tavsiyalar ham bera oladi. Ovozli qaydlar tezkor o‘tkazish funksiyasiga ega hamda iCloud bulutli saqlagichi bilan integratsiyalasha oladi.

O‘QING: iOS 12'da yana bir qiziq funksiya paydo bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlar hamda messenjerlar shinavandasi bo‘lgan Apple devayslari foydalanuvchilari uchun bir qator yangi animatsiyali smayliklar –Animoji’lar taqdim etildi. iPhone X egalari esa yangi operatsion tizim talqinida iMessage hamda FaceTime uchun betakror avatar yarata oladilar.

Xo‘sh, qanday yangilaymiz ekan?

iPhone yoki iPad’ingiz operatsion tizimini iOS 12 talqinigacha yangilash uchun mana bu havola orqali kompaniyaning rasmiy saytidagi tegishli sahifaga kirib, o‘z Apple ID akkauntingizni ro‘yxatdan o‘tkazishingiz lozim. Shundan keyin yangi talqindagi operatsion tizimning ommaviy beta-versiyasini o‘rnatish bo‘yicha batafsil yo‘riqnomani ham o‘sha yerdan olasiz.

Aytish kerakki, iOS 12’ni qo‘llab-quvvatlovchi barcha qurilmalar uchun uning yakuniy talqini kuzda – yangi iPhone modellari namoyishida taqdim etiladi.

O‘QING: Apple: "iOS 12'ga yangilanadigan smartfon va planshetlar"