Apple iPhone 8: 10 yillik yubileyga atalgan kuzirlar

Apple iPhone 8: 10 yillik yubileyga atalgan kuzirlar

Ayfon brendining taqdim qilinganiga 10 yil to‘lishi munosabati bilan, Apple bu yil iPhone turkumi tarixida inqilobiy o‘zgarishlarga ega eng ilg‘or smartfonni namoyish qilishi kutilmoqda.

Ko‘pchilikning fikricha, iPhone 7 oddiy smartfon: avvalgi ayfonlar bilan taqqoslaganda dizayn deyarli o‘zgarmagan, qo‘sh kamera esa faqat Plus-versiyada mavjud. Apple, aftidan, kuzirlarini 10 yillik yubiley uchun asrab qo‘ygan. Kuz oyida hammasi aniq bo‘ladi.

Hozircha iPhone 8’ning 5,8 dyuym ekranli, korpusi 143,5 x 70,9 x 7,7 mm bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Orqa paneldan esa vertikal ko‘rinishdagi qo‘sh kamera o‘rin olgan bo‘ladi.

Aksariyat tahlilchilarga ko‘ra, iPhone 8 taqdimoti bu yil kechikadi. Apple’ning yangi flagmani virtual biometrik skaner, ya’ni Home virtual knopkasini bevosita ekrandan o‘rin olgan ommaviy ishlab chiqariladigan ilk smartfon bo‘ladi. Bu texnologiyani joriy qilish esa vaqtni talab qiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, iPhone 7s hamda iPhone 7s Plus 2017 yilning sentyabridan sotuvga chiqsa ham, iPhone 8 oktyabr yoki noyabrda taqdim qilinadi.

Ayni paytda smartfon sanoatida ramkasiz dizaynli teyefonlar ommalashmoqda. Samsung Galaxy S8 hamda LG G6 kabi yetakchi brend modellari shu dizaynda. «Olma» korporatsiyasi ham iPhone 8’ni ana shunday — old panelni to‘liq egallab olgan displeyda ishlab chiqarmoqchi. Shu bilan birga, qurilmada qator innovatsion funksiyalar, jumladan qiyofani taniydigan va to‘ldirilgan voqelik texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydigan 3D-kamera, ekranida OLED-displey, Bluetooth 5, simsiz quvvatlash texnologiyasi tatbiq etiladi.

Bluetooth 5 standartida faoliyat radiusi hozirgidan 4 marotaba kattalashib, ma’lumot almashish tezligi 2 barobarga oshadi. Bluetooth 5 yordamida gadjetlar 200 metrgacha masofada o‘zaro bog‘lanib, sekundiga 4-12 megabit ma’lumotni almashish imkoniga ega bo‘ladilar. Bluetooth Low Energy texnologiyasiga ega bu standart quvvatni ham tejaydi.

Yangi ayfon Apple tarixidagi eng qimmat flagman bo‘ladi. Business Insider nashriga ko‘ra, iPhone 8 flagmani 999 AQSh dollaridan boshlab sotuvga chiqariladi. Ya’ni, 128 va 256 gigabaytli doimiy xotiraga ega talqinlar 999 va 1099 dollardan sotiladi. iPhone 8 smartfoni 32 Gb xotira talqinida ishlab chiqarilmaydi. Ayni paytda eng qimmat ayfon — iPhone 7 Plus’ning 256 gigabaytli talqini bo‘lib, 969 dollardan sotilmoqda.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.