Apple iPod'ni qayta kashf qilmoqda!

Apple iPod'ni qayta kashf qilmoqda!

Apple'ning AirPods qurilmasi 2016-yilda taqdim qilinganidan beri bir qancha ajoyib funksiyalarga ega bo‘ldi, lekin ular hali ham iPhone yoki yaqindagi boshqa qurilma bilan ulanishni talab qiladigan qiladigan oddiy simsiz quloqchinlar xolos. Ammo bu yaqin kelajakda o‘zgarishi mumkin.

Patently Apple'ning ma’lum qilishicha (9To5Mac orqali), AQSh Patent va savdo belgilari idorasi Apple kompaniyasining yangi dizaynga ega AirPods quvvatlovchi keysi uchun patent bergan. Qurilmaning o‘ziga xosligi shundaki, u old tomonida sensorli displeyga ega. Patentda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu displey mediani boshqarish imkonini beradi. Masalan, siz unda musiqani boshqarish tugmalariga ega bo‘lasiz. Va bu hali hammasi emas: ekran Xaritalar va Ob-havo kabi asosiy ilovalar bilan birga bildirishnomalarni ham ko‘rsatishi aytilmoqda.

Foto: 9To5Mac

Shuningdek, patentda foydalanuvchilar Siri buyruqlari yordami bir ilovadan boshqasiga o‘tishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Patentdagi suratlarning biri AirPods'dagi musiqani HomePod qurilmasiga Handoff orqali o‘tkazish mumkinligini ko‘rsatadi.

TechCrunch nashri ushbu yangi AirPods keyslariga "iPod'ning qayta kashf qilinishi" deya ta’rif bermoqda: "Taqdim etilgan ma’lumotlarga qaraganda, Apple iPod Touch yoki iPod Nano'ni eslatadigan, lekin simsiz quloqchinlarni zaryad qilish uyasiga ega bo‘lgan narsani patentlashga harakat qilgan".

Oradan 20 yillarcha o‘tgach, Apple rasman o‘tgan yili o‘zining iPod mahsuloti hayotiga nuqta qo‘ydi. Ehtimol, simsiz quloqchinlar keysiga ayrim asosiy funksiyalarni qo‘shish iPod'ni zamonaviy dunyoqa qaytarish imkonini berar? Buni vaqt ko‘rsatadi.

"iPod'ning eng zo‘r tomoni shundaki, siz butun musiqa kutubxonangizni o‘zingiz bilan cho‘ntagingizda olib yurishingiz mumkin", – degan edi Stiv Jobs 2001-yilda.

Ma’lum bo‘lishicha, Apple ushbu patentni o‘tgan yilning sentabr oyida topshirgan. Apple va umuman, boshqa texnogigant kompaniyalar ham ko‘plab mana shunday noodatiy va innovatsion texnologiyalarni patent qilashadi, lekin ularning juda kamchiligi real hayotga tadbiq qilinadi.