DxOMark reytinggida "kamera qiroli" o'zgardi: Oppo smartfoni endi eng yaxshi kamerafon!

DxOMark reytinggida

Fevral oyi oxirida taqdim qilinishi bilanoq Honor Magic 5 Pro smartfoni DxOMark'ning kamerasi bo'yicha eng yaxshi smartfonlar reytinggida birinchi o'rinni egallagan edi, lekin uning "qirollik davri" uzoqqa cho'zilmadi – Oppo Find X6 Pro endi dunyodagi eng yaxshi kamerali smartfon.

Oppo kompaniyasining o'tgan oy chiqarilgan Find X6 Pro smartfoni o'zining 1 dyuym o'lchamdagi asosiy kamera sensori (50 MP), hamda, MariSilicon chipseti va Hasselblad sozlamalari bilan DxOMark testida 153 ball qo'lga kiritdi va kamerasi bo'yicha eng yaxshi smartfonlar reytinggida Honor Magic 5 Pro smartfonini 1 ballga ortda qoldirib birinchi o'rinni qo'lga kiritdi.

DxOMark ekspertlari Oppo Find X6 Pro smartfonining tungi kamerasi ajoyib ishlashini yoxud kam yorug'likda ham o'ta aniqlikdagi detallarga ega tasvirlar olishini, shuningdek, optimallashtirilgan katta sensorlar bilan doimiy ravishda tiniq, yuqori sifatli, kam shovqinli suratlar va videolar olishini, hamda, ajoyib portret suratlar olishini maqtashadi. Shu bilan birga, ular smartfon kamerasi ba'zida teri ranglarini o'ta to'yintirib yuborishini va uning toifasidagi boshqa smartfonda topish mumkin bo'lgan HDR tasvirlarni oldindan ko'rish imkoni mavjud emasligidan shikoyat ham qilishadi.

Reytingning top uchligi o'tgan yilning sentabrida chiqarilgan Huawei Mate 50 Pro bilan yakunlanadi, u 149 ballga ega. To'rtinchi va beshinchi o'rinlarni ketma-ket Google Pixel 7 Pro va Honor Magic 4 Ultimate smartfonlari 147 ball bilan, oltinchi va yettinchi o'rinlarni esa mos ravishda iPhone 14 Pro Max va iPhone 14 Pro smartfonlari 146 ball bilan band qilishgan. Sakkizinchi o'rinda turgan Huawei P50 Pro smartfonidan keyin, iPhone 13 Pro va iPhone 13 Pro Max smartfonlari top o'nlikni 141 ball bilan yakunlab berishadi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!