"Garri Potter" serial ko'rinishida qaytmoqda!

Balki uning filmlarini ko'rmagan yoki kitoblarini o'qimagandirsiz, lekin siz hech bo'lmaganda bir marta bo'lsa ham Garri Potter ismini eshitgansiz va uning kimligini bilasiz. Ehtimol, u haqida chiqadigan yangi serial sizga afsonaviy sehrgar bola bilan tanishish, unga avvaldan muxlislik qilib kelayotganlarga esa sevimli qahramonlari bilan sehrgarlar olamiga qaytish uchun yana bir yangi imkoniyat beradi.

O'tgan hafta Bloomberg nashridan birinchilardan bo'lib Warner Bros. va HBO Max kompaniyalari rahbari J. K. Roulingni "Harry Potter" kitoblariga asoslangan yangi serialni suratga olish uchun ko'ndirishga harakat qilishayotgani, lekin kelishuv hali rasman imzolanmagani haqida xabar bergan edi. Ehtimol Rouling yangi serialga rozilik bildirgan ko'rinadi, kecha (HBO) Max bo'lajak "Harry Potter" serialining ilk tizer videosini ulashdi.

Albatta, tizer video bo'lajak Garri Potter seriali haqida ko'p narsalarni ochiqlamaydi, lekin biz endi bu uning ilk rasmiy boshlanishini ekanligini bilamiz. So'nggi xabarlarga ko'ra, J. K. Roulingning shaxsan o'zi serialga bosh-qosh bo'ladi yoxud u serialning bosh prodyuserlaridan biri bo'ladi.

Ma'lum bo'lishicha, serial bir necha fasllarga bo'lingan holda uzoq yillar davomida taqdim qilib kelinadi. Albatta, serialning har bir fasli J. K. Roulingning yetti kitoblariga asoslangan bo'ladi va bunda serial bizga Garri Potter olamiga uning filmlaridan ham chuqurroq kirib borish imkonini beradi. Aktyorlarga keladigan bo'lsak, ular filmlardagidan mutlaqo boshqa bo'ladi. Hozircha "Harry Potter" seriali qachon chiqarilishi aniq emas.

Ta'kidlash joizki, Garri Potter 600 milliondan ortiq nusxada sotilishi bilan dunyodagi bestseller kitoblardan biri hisoblanadi. Unga asoslangan filmlar esa jami 8 ta bo'lib, ular uchun dunyo bo'ylab 7.7 milliard dollarlik chiptalar sotilgan.

"Harry Potter" brendi turli xil mahsulotlarga aylantirilgan va ularning eng so'nggisi Hogwarts Legacy video o'yini bo'lib, Warner Bros. uni joriy yilning fevral oyida taqdim qilgan va u hozirgacha 12 milliondan ortiq nusxada sotilgan.

Harry Potter brendi bilan hamkorlikda chiqarilgan Redmi Note 12 smartfonlarini eslab o'tmaslikning iloji yo'q. O'tgan oy oxirida Xitoyda chiqarilgan Redmi Note 12 Harry Potter Edition smartfoni o'ziga xos katta qutida maxsus qo'shimcha aksessuarlar bilan keladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!