Google ham Apple ortidan yurishni boshladi!

Google ham Apple ortidan yurishni boshladi!

Apple kompaniyasi o'tgan yilning 30-iyun kuni o'zining App Store ilovalar do'koniga yangi qoidani kiritgan edi va unga ko'ra, agar ilova ishlab chiquvchilari foydalanuvchilardan o'z xizmatlaridan foydalanishda akkaunt ochishni so'raydigan bo'lsalar, uni, ya'ni akkauntni o'chirishni ham oson yo'lini taklif qilishlari kerak bo'ladi. Ta'kidlash joizki, bu sizga shaxsiy ma'lumotlaringiz ustidan yuqori nazorat o'rnatish imkonini beradi.

Afsuski, bunday qoida Google'ning Play Store ilovalar do'konida mavjud emas edi, biroq tez kunda bu o'zgaradi – endi Google ham xuddi Apple kabi dasturchilardan o'z ilovalarida akkauntni o'chirish xususiyati bo'lishi kerakligini talab qiladi.

Ma'lum bo'lishicha, Google kecha o'zining Android uchun ilovalar do'koniga kiritiladigan yangi siyosatni e'lon qilgan. Unga ko'ra, kompaniya Android ilova ishlab chiqaruvchilaridan agar ilova foydalanuvchidan akkaunt ochishni talab qiladigan bo'lsa, unda u akkauntni o'chirishni ham oson yo'lini taklif qilishi kerak. Bunda kompaniya joriy yilning 7-dekabrigacha ilova ishlab chiqaruvchilaridan ilovalarida akkauntni o'chirish imkoni bor yoki yo'qligini so'raydi. Dasturchilar esa bunga o'z ilovalarining Google Play'dagi Ma'lumotlar xavfsizligi bo'limidagi forma orqali javob berishlari kerak bo'ladi.

Foto: Google (TechCrunch orqali)

Google'ning ta'kidlashicha, ishlab chiquvchilar akkauntni o'chirish xususiyatini yo ilova ichida yoki onlayn o'chirib taklif qilishlari shart va bu funksiya topish uchun oson bo'lishi kerak. Shu bilan birga, yangi qoida nafaqat akkaunt, balki u bilan bog'liq ma'lumotlarning serverlardan o'chirib yuborilishini ham talab qiladi. 

Foydalanuvchilar keyingi yil boshidan boshlab Play Store ilovalar do'konida akkaunt o'chirilishiga oid ma'lumotlarni ilovaning Ma'lumotlar Xavfsizligi sahifasida ko'rishlari mumkin bo'ladi yoxud yangi qoidalar keyingi yil boshidan kuchga kiradi. Google akkaunt o'chirilishi xususiyatini qo'shish uchun ilova ishlab chiqaruvchilariga 2024-yilning 31-may sanasiga qadar vaqt beradi.

Yuqorida aytilganidek, akkaunt o'chirilishi sizning o'z shaxsiy ma'lumotlaringiz ustidan nazorat o'rnatish imkonini beradi. Masalan, uzoqqa bormay, O'zbekistondagi eng mashhur to'lov tizimlaridan biri Click Up Android ilovasini oladigan bo'lsak, unda hech qanday akkaunt o'chirish imkoni mavjud emas. Vaholanki, ushbu ilova sizning eng shaxsiy ma'lumotlaringizdan tortib, bank kartangizga oid ma'lumotlarni o'zida saqlaydi. Agar siz Click Up ilovasida ro'yxatdan o'tgan telefon raqamingizdan ortiq foydalanishni xohlamasangiz na telefon raqamingizni boshqasiga o'zgartira olasiz, na akkauntingizni o'chira olasiz. Agar Click Up bilan bilan ro'yxatdan o'tgan telefon raqamingizdan ikki yoki uch oy foydalanmasangiz, aloqa operator siyosatiga ko'ra raqamingiz sizdan olinadi va sotuvga qo'yiladi. Uni sotib olgan boshqa odam esa hech qanday to'siqlarsiz sizning butun boshli Click akkauntingiz kirishi mumkin bo'ladi.

Garchi Telegram'dan deyarli birga-bir ko'chirib olingan bo'lsa ham, o'tgan yili chiqarilgan Humo "milliy messenjer"ida ham akkauntni o'chirish imkoniyati mavjud emas, vaholanki, u o'zbekistonliklar uchun xavfsiz messenjer sifatida ishlab chiqilgan.