Google oddiy kompyuterlar 10 ming yilda ham bajara olmaydigan amalni atigi 3 daqiqada bajaruvchi kompyuter yaratdi

Google oddiy kompyuterlar 10 ming yilda ham bajara olmaydigan amalni atigi 3 daqiqada bajaruvchi kompyuter yaratdi

Google olimlar anchadan beri erishishga urinib kelayotgan natijani qayd etganini e’lon qildi. Ushbu muvaffaqiyatni “kvant ustunligi“ deb atayotgan kompaniyaga ko‘ra, bu tub burilish natijasida kompyuterlar bugungi kunda tasavvurga ham sig‘maydigan tezlikda hisob-kitoblarni amalga oshirishi mumkin.  

Silikon vodiysi texnogigantining Santa Barbara (Kaliforniya) dagi laboratoriyasida qayd qilingan naitijaga erishish uchun olimlar 80-yillardan buyon harakat qilib keladi. Nature ilmiy jurnalida nashr qilingan maqolasiga ko‘ra, kompaniya yaratgan kvant kompyuteri an’anaviy kompyuterlar bilan erishib bo‘lmaydigan natija ko‘rsatgan. 

Kvant mashinalar bir kun kelib, sun’iy ong sohasida keskin burilish yasaydi. Shunda hozirgi eng kuchli superkompyuterlar ham ularning oldida xuddi o‘yinchoqdek bo‘lib qoladi. Jurnaldagi maqolada aytilishicha, Google yaratgan qurilma hozirgi kompyuterlar 10 ming yilda ham bajara olmaydigan matematik hisob-kitoblarni atigi 3 daqiqayu 20 soniyada bajargan.

Olimlar Google'ning bu yangiligini aka-uka Raytlarning 1903 yilda amalga oshirgan ilk samalyot parvoziga qiyosladi. Biror narsani amalga oshirishga qancha ko‘p vaqt ketmasin, baribir uning imkoni borligi shu bilan ikkinchi marta isbotlandi. 

Google'ning maqolasini nashrdan oldin tahrirdan o‘tkazgan kompyuterchi olim Skott Aronson Austindagi Texas Universitetida faoliyat yuritadi. Uning aytishicha: “Raytlarning ilk samolyoti butunlay yaroqsiz edi. Lekin ixtirochilar uni o‘z g‘oyalarini isbotlash uchun yaratgan va bu g‘oyalar isbotlandi ham“.

Lekin ba’zi mutaxassislar bu yangilikdan xursand bo‘lishga hali ertaligini aytmoqda. Ularning fikriga ko‘ra, kvant kompyuterlar labaratoriyadan amaliy hayotga tatbiq qilinguniga qadar qilinishi kerak bo‘lgan ishlar hali ancha ko‘p. Ayni damda, bittagina shunday kompyuterni yasash bir necha million dollar turadi.

IT sanoatida katta shuhrat qozongan ko‘plab korporatsiyalar--Google bilan bir qatorda, Microsoft, Intel va IBM'lar--kvant kompyuterlari sohasida yetakchilik uchun kurashmoqda. Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot natjalariga ko‘ra esa, venchur kapitalistlar (yangi kompaniya yaratishga pul tikuvchilar) ushbu texnologiyaga oid startaplar uchun 450 million dollardan ortiq mablag‘ sarflab ulgurgan.

Xitoy ham o‘zining milliy kvant labaratoriyasini yaratishga harakat qilib kelmoqda va bu maqsadga 400 million dollar yo‘naltirgan. Oxirgi bir necha yil ichida xitoyliklar amerikaliklarga qaraganda ikki barobar ko‘p kvant patentlari topshirgan. Tramp administratsiyasi ham xuddi shu sohaga e’tibor qaratmoqda. Kompyuterlar va kvant texnologiyalariga oid tadqiqotlar uchun 1,2 milliard dollar sarflashga va’da bergan Milliy Kvant Tashabbusini bunga yorqin misol qilib keltirish mumkin.

Kvant fizikasi sohasida olib borilgan bir asrdan ortiq izlanishlar natijasi o‘laroq yaratilgan kvant mashinalari an’anaviy kompyuterlardan butunlay boshqacha usulda ishlaydi. Kvant qurilmalari ba’zi moddalarning sub-atom darajasida yoki keskin sovuq haroratga tutilganda aqlni shoshirib qo‘yadigan darajadagi reaksiyasiga tayanadi. Google'ning qurilmasi ichidagi metal ham deyarli -460 darajagacha muzlatilgan.

Olimlar ishonadiki, kun kelib bu uskunalar sun’iy ong sohasi taraqqiyotida asosiy omil bo‘ladi yoki milliy xavfsizlik uchun ishlatiladigan shifrlanuvchi kompyuterlarni ortda qoldiradi. Shuning uchun ham, Xitoy va AQSh hukumatlarining har ikkisi kvant kompyuting sohasini milliy xavfsizilikning ustuvor jihati sanaydi. 

Biroq olimlarning oldida turgan birinchi vazifa bunday uskuna shunchaki loyiha bo‘lib qolib ketmasligini isbotlab, uning yordamida bajarish mumkin bo‘lgan narsalarni amalda ko‘rsatib berishidir.

An’anaviy kompyuterlar hisob-kitoblarni bitlar orqali amalga oshiradi. Bir necha o‘n yillardan beri o‘zgarmagan bu usulda har bir bit 1 yoki 0 dan iborat bo‘ladi. 

Kvant kompyuteri qanday ishlashini tushunish esa anchayin chuqur yondashuvni talab etadi. Buni tushunish uchun quyidagi tushunchani qabul qilish kerak: hajmi o‘ta kichkina bo‘lsa yoki o‘ta ekstremal haroratga tutilganda bitta ob’yekt bir vaqtning o‘zida ikkita ob’yekt sifatida reaksiya beradi. 

Moddaning bunday o‘zgacha xususiyatidan foydalangan holda kvant bit, yoki qisqa qilib kvabitni, yaratish mumkin. Bitta kvabit ham 1, ham 0 ning kombinatsiyasidan tashkil topadi, ya’ni uning qiymati bir vaqtning o‘zida ikkiga teng bo‘ladi; ikkita kvabit qiymati esa to‘rtga va h.k. Kvabitlar soni ortib borishi bilan esa kvant kompyuteri keskin kuchayib boradi.

O‘QING: Okay, Google, meni professionalga aylantir!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!