iPhone 15 Pro yuqori sifatli renderlarda ko'rsatildi!

iPhone 15 Pro yuqori sifatli renderlarda ko'rsatildi!

Apple o'zining navbatdagi iPhone 15 seriyasidagi smartfonlarini taqdim qilishiga hali ancha bor, lekin biz fevral oyining o'zidayoq ularning CAD renderlarini bilan tanishdik (1, 2). Keyinchalik iPhone 15 Pro modeli tahmin qilingan maxsus qizil rangda ham ko'rsatildi. Endilikda esa o'sha renderlarni ulashgan 9To5Mac sayti yanada sayqallangan va yuqori sifatli iPhone 15 Pro modeli renderlarini chiqardi va bular bo'lajak smartfonning hozirga qadar paydo bo'lgan eng yaxshi ko'rinishi desak mubolag'a bo'lmaydi.

Eng avvalo, iPhone 15 Pro korpusidan boshlaydigan bo'lsak, u titandan bo'lishi anchdan beri mish-mish qilib kelinadi. Ta'kidlash joizki, ushbu o'zgarish faqat Pro modellardagina bo'ladi. Titan ramka smartfonni to'rttala tomondan mustahkam himoya qiladi.

iPhone 15 Pro qirralari yumaloqlangan titan ramkada. Foto: 9To5Mac

Apple hozirgi iPhone'larining o'tkir qirralari orqasidan ko'plab shikoyatlar olganligi va shu sabab ham yangi smartfonlarini biroz yumaloqlangan qirralar bilan chiqarishi avval ham aytilgan edi. Bunda smartfon qanday ko'rinishga ega bo'lishi esa yuqoridagi renderda yaqqol ko'rinib turinibdi.

iPhone 15 Pro yanada katta kamera linzalari bilan. Foto: 9To5Mac

Kameralarning avloddan-avlodga yaxshilanishi turgan gap. Uzunquloq xabarlarga ko'ra, Apple o'zining yangi avlod iPhone'larini butunlay yangi texnologiyadagi sensorlar bilan jihozlamoqchi. Bu haqida qo'shimcha ma'lumotlar yo'q, lekin qo'limizdagi renderlardan kameralar o'lchami yanada kattalashayotganligini ko'rishimiz mumkin. Qurilmaning kamera bo'rtmasi yanada qalinlashgan, lekin bundan ham ko'p e'tiborga tushadigani har bir kamera linzasi hozirgi iPhone 14 Pro modelida bo'lganidan ikki barobar oshgan.

iPhone 15 Pro USB-C porti bilan. Foto: 9To5Mac

Yevropa Ittifoqi qonun-qoidalariga muvofiq, Apple kompaniyasi o'z iPhone'larida USB-C portini o'zlashtirishi deyarli aniq bo'lib qoldi va ulashilgan renderlarda iPhone 15 Pro modelining USB-C portini atrofi metall bilan o'ralganini ko'rishingiz mumkin.

iPhone 15 Pro bosimni sezuvchi haptiklar bilan. Foto: 9To5Mac

iPhone 15 Pro bilan bosiladigan tugmalar va smartfonni ovozsiz rejimga o'tkazadigan "viklyuchatel"ga xayr deng, chunki yangi modelda ularning o'rnini qattiq "haptik" tugmalar egallaydi. Ular bosilmaydi, lekin ularga tekkaningizda ular bosimni sezadi va sizga vibratsiya qaytaradi.

Yaqinda Apple kompaniyasi o'zining iPhone 15 seriyasi bilan smartfonlar bozorida ekran ramkasi qalinligi bo'yicha yangi rekord o'rnatishi (1.55 mm) haqida xabarlar tarqalgan edi. Ana shunday ingichka ramka bilan iPhone 15 Pro hozirgi iPhone 14 Pro yonida quyidagicha ko'rinishga ega bo'ladi:

iPhone 14 Pro (chapda), iPhone 15 Pro (o'ngda). Foto: 9To5Mac

Ma'lum bo'lishicha, iPhone 15 Pro (146.47×70.46×8.24 mm) o'lchami iPhone 14 Pro (147.46×71.45×7.84 mm) o'lchamidan biroz kichikroq, lekin shu bilan birga qalinroq bo'ladi.

iPhone 15 Pro avval aytilgan maxsus to'q qizil rangda chiqarilishidan avval tillarang, oq va qora ranglarda taklif qilinishi mumkin. Smartfon joriy yilning sentabr oyida taqdim qilinishi kutilmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!