Mana senga o'sha kayf: OpenAI o'zining ChatGPT xizmatini Italiyada blokladi

Mana senga o'sha kayf: OpenAI o'zining ChatGPT xizmatini Italiyada blokladi

Juma kuni Italiyaning Ma'lumotlarni himoya qilish organi, Garante, ChatGPT xizmatini foydalanuvchilar ma'lumotlarini noqonuniy yig'ish va qayta ishlashda ayblab, unga qarshi tergov ishlarini boshlagan edi. Sun'iy intellekt chatboti kompaniyasi, OpenAI esa ushbu holatga o'z munosabatini bildirdi – kompaniya o'zining ChatGPT platformasini Italiyada blokirovka qildi (TechCrunch orqali).

Hozirda Italiya mamlakati IP-manzili bilan ChatGPT saytiga kirgan foydalanuvchilar quyidagi onlayn bayonotga duch kelishmoqda:

Foto: TechCrunch

Unda kompaniya ChatGPT Italiyadagi foydalanuvchilar uchun o'chirilganligini va bundan afsusda ekanliklarini ma'lum qiladi. Shuningdek, bayonotda o'tgan oy ChatGPT Plus obunasini sotib olgan Italiyadagi barcha foydalanuvchilarga to'lovlari qaytarilishi va foydalanuvchilardan yangi oy uchun obuna to'lovini yangilash vaqtinchalik toʻxtatilganligi ma'lum qilingan.

"Biz odamlar maxfiyligini himoya qilishga sodiqmiz va biz GDPR va boshqa maxfiylik qonunlariga muvofiq ishlaydigan ChatGPT taklif qilamiz. Biz (ChatGPT'ga) kirish huquqingizni imkon qadar tezroq tiklash maqsadida Garante bilan hamkorlik qilamiz" deydi OpenAI.

Ma'lum bo'lishicha, OpenAI hozirda Italiya uchun oddiy geoblok usulini qo'llamoqda va buni VPN yordamida IP-manzilni o'zgartirish bilan chetlab o'tish mumkin. Biroq, agar akkaunt dastlab Italiyada ochilgan bo'lsa, unda VPN ham yordam bermasligi va bunda italyan foydalanuvchilar boshqa IP-manzil bilan yangi akkaunt ochishlari kerak bo'ladi.