Mart oyining eng zo'r flagman va o'rta-flagman Android smartfonlari!

Mart oyining eng zo'r flagman va o'rta-flagman Android smartfonlari!

2023-yilning chorak qismi mart oyi bilan o'z yakuniga yetdi. Shu kunga qadar biz bir qancha yangi flagman va o'rta-flagman Android smartfonlar bilan tanishdik. Smartfonlar ko'p, lekin ularning qaysi biri yaxshi ishlaydi? Xo'sh, ushbu savolga AnTuTu benchmarki jamoasining mart oyiga ko'ra chiqarilgan eng yaxshi ishlaydigan smartfonlar top o'ntaligi orqali javob olishimiz mumkin.

Mart oyining eng yaxshi flagman Android smartfonlari

Birinchi bo'lib, flagmanlardan boshlaymiz. Shuni aytib o'tish kerakki, ro'yxat har doimgidek, Snapdragon chipseti bilan jihozlangan smartfonlarga to'lgan. Qolaversa, smartfonlar kamida 12, aks holda, 16 GB operativ va 512 GB doimiy xotira bilan ishlaydi.

2023-yil mart oyiga ko'ra "eng yaxshi ishlaydigan" deb topilgan flagman Android smartfonlar ro'yxati. Foto: AnTuTu

Shunday qilib, hozirgi vaqtdagi eng yaxshi smartfon – bu Oppo kompaniyasining yangi Find X6 Pro smartfoni bo'lib, AnTuTu benchmarkidan 1,331,997 ball olgan. O'tgan oyda taqdim qilingan kuchli kamerali smartfon, fevral oyining eng kuchli smartfoni bo'lgan Red Magic 8 Pro+ (1,311,123) flagmanini ikkinchi o'ringa tushirib qo'ygan. OnePlus kompaniyasining bu yilgi yakka-yu yagona flagmani, OnePlus 11 esa ro'yxatning 1,302,402 ball bilan top uchlikni yopib beradi.

Ro'yxatdagi Dimensity chipli bitta-yu bitta smartfon, Oppo Find X6 modeli (1,296,049) ro'yxatda Vivo X90 Pro+ (1,296,495) flagmanidan keyin beshinchi o'rinni band qilgan.

"Aka-uka" iQOO 11 Pro (1,293,875) va iQOO 11 (1,284,246) smartfonlari ketma-ket oltinchi va yettinchi o'rinlarni egallashgan. Redmi K60 Pro (1,280,353) sakkizinchi o'rinda bo'lsa, hech qanday teshik va tirqishlarsiz, to'liq ekran bilan chiqarilgan Nubia Z50 Ultra (1,273,208) to'qqizinchi o'rinni qo'lga kiritgan. Top o'nlik Xiaomi 13 (1,271,355) flagmani bilan esa ro'yxat yakunlanadi.

Mart oyining eng yaxshi o'rta-flagman Android smartfonlari

Ana endi navbat mart oyining eng yaxshi ishlaydigan o'rta-flagman smartfonlariga. Har doimgidek, flagmanlar ro'yxatida Qualcomm chipsetlari hukmronlik qilgan bo'lsa, o'rta sinf smartfonlari tomonida MediaTek o'z kuchini ko'rsatadi.

2023-yil mart oyiga ko'ra "eng yaxshi ishlaydigan" deb topilgan o'rta-flagman Android smartfonlar ro'yxati. Foto: AnTuTu

Qizig'i shundaki, ushbu ro'yxatdagi o'n smartfonlarning naqd to'qqiztasi MediaTek'da ishlaydi, lekin ularning birontasi ham birinchi o'rinda emas – mart oyiga ko'ra eng yaxshi o'rta sinf smartfoni Redmi'ning Note 12 seriyasidagi Turbo modeli va u o'zining Snapdragon 7+ Gen 2 chipseti bilan AnTuTu'da 966,220 ball to'plagan. Ta'kidlash joizki, Redmi Note 12 Turbo ushbu chipset bilan chiqarilgan ilk smartfon hisoblanadi.

Faxrli ikkinchi o'rinni MediaTek Dimensity 8200 bilan o'tgan yili chiqarilgan Vivo S16 Pro (866,824) smartfoni egallagan. iQOO Neo 7 SE ham xuddi shunday chipset bilan 857,194 ball yiqqan va u uchinchi o'rinda. Redmi'ning yana bir smartfoni, K60E (840,748) modeli ham Dimensity 8200 kuchi bilan to'rtinchi o'rinni band qilgan.

Chiqarilganiga deyarli bir yil bo'lib qolgan OnePlus Ace Racing (829,135) va OnePlus Ace (821,738) smartfonlari esa Dimensity 8100-Max chipsetida beshinchi va oltinchi o'rinlarni egallashga muvaffaq bo'lishgan. Xuddi shunday chipsetli yana bir smartfon, Oppo Reno 8 Pro+ 5G (818,021) esa yettinchi o'rinda.

Ro'yxatning davomida esa Realme GT Neo 3 (807,928), Vivo S15 Pro (807,743) va Redmi Note 11 Pro+ (805,060) smartfonlarini ko'rishimiz mumkin.

Ro'yxat faqat Xitoy bozoridagi smartfonlar bilan tuzilgan, global emas.

*maqoladagi asosiy surat Twitter'dan olindi