Nihoyat, Redmi Note 9 Pro Max taqdim etildi – narx va jihatlari bilan tanishamiz!

  •   DiMaX
  •  84450
  •  12.03.2020 13:43

Nihoyat, Redmi Note 9 Pro Max taqdim etildi – narx va jihatlari bilan tanishamiz!

Xiaomi korporatsiyasi hamyonbop subbrendining yangi turkumida Redmi Note 9 hamda Note 9 Pro smartfonlarini namoyish etishi kutilayotgandi. Keyinroq esa ularning yanada ilg‘or versiyasi – Redmi Note 9 Pro Max haqida esa nisbatan yaqinda ilk ma’lumot chiqqan.

O‘QING: Umuman kutilmagan Redmi Note 9 Pro Max, ilk «jonli» foto va tarixdagi eng kreativ tizer!

Buni qarangki, bugun – 12 mart kuni birinchi bo‘lib ayna mana shu – Redmi Note 9 Pro Max smartfoni taqdim etildi. Kompaniya uni yaratishda Aura Balance nomli dizayndan foydalangan. Smartfonning old tomonida aytarli yangilik yo‘q, ammo bosh kamera dizayniga bu gal o‘zgacha yondashilgan.

Yangi smartfon diagonaliga 6,67 dyuymlik ekranga ega: bu Redmi Note turkumidagi eng yirik modeldir. Quyidagi suratda uning gabaritini Redmi Note 7 Pro hamda Redmi Note 8 Pro devayslari bilan solishtirib ko‘rsatishgan:

Ko‘rib turganingizdek, Redmi Note 9 Pro Max selfi-kamerasi ekranning yuqori qismi o‘rtasidagi tirqishga joylangan.

O‘QING: Eng kuchli flagmanlar va o‘rta narxli eng zo‘r smartfonlar (AnTuTu global reytingi, 2020 yil fevral)

Smartfonning old va orqa panellariga Corning Gorilla Glass 5 himoya shishasi yotqizilgan. Barmoq izi skanerini esa korpusning o‘ng qirrasiga o‘rnatishgan.

Redmi Note 9 Pro Max uch xil rangda taklif etiladi: Aurora Blue, Glacier White hamda Interstellar Black.

Xiaomi ushbu flagmanini to‘rt modulli kamera bilan jihozlagan bo‘lib, uning asosiy sensori 64 megapiksellik aniqlikda. Ikkinchi – 8 megapiksellik datchik ultra keng burchakli ob’yektivga ega. Shuningdek, makro-s’yomka uchun 5 hamda sahna chuqurligini aniqlash uchun 2 megapiksellik modullar qo‘llangan. Old kameraning yakka datchigi 32 megapiksellik aniqlikka ega.

Redmi Note 9 Pro Max apparat qismining asosini Qualcomm Snapdragon 720 protsessori tashkil etadi. Smartfonning tezkor xotirasi 6 va 8 gigabaytlik, UFS 2.1 turidagi ichki xotirasi esa 64 va 128 gigabaytlik konfiguratsiyalarda sotib olish mumkin bo‘ladi. Bularga qo‘shimcha yana 512 gigabaytgacha hajmli microSD-karta o‘rnatish imkoni ham bor.

Smartfonning akkumulyatori 5020 mA/soatlik tok sig‘imiga hamda 33 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega. Quvonarlisi – shunday tezkor quvvatlagich ham jamlanmaning qadog‘iga kiritilgan.

Redmi Note 9 Pro Max tezkor/doimiy xotira hajmiga ko‘ra quyidagi narxlarda sotiladi:

6/64 GB – 200 dollar;

6/128 GB – 228 dollar;

8/128 GB – 255 dollar.

Bundan tashqari, yana Redmi Note 9 Pro ham namoyish qilingan va mazkur model bilan keyingi xabarlarimizda tanishtiramiz.

O‘QING: JerryRigEverything: «Xiaomi’ning eng mustahkam smartfoni – ayni mana shu o‘rta narxli modeli bo‘ladi!» (+video)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!