Oppo Reno hamda Reno 10x Zoom taqdim etildi: Huawei P30 Pro kushandalari uning yarim narxida!

  •   DiMaX
  •  3044
  •  10.04.2019 18:02

Oppo Reno hamda Reno 10x Zoom taqdim etildi: Huawei P30 Pro kushandalari uning yarim narxida!

Xitoylik texnogigant yaqinda mobil fotografiyaning yangi qiroli bo‘lmish Huawei P30 hamda P30 Pro kamerofonlarini taqdim etgandi. Oppo kompaniyasi esa kecha yangi – Reno turkumida ularga raqobatchi bo‘la oladigan ikkita smartfon namoyish qildi.

O‘QING: Oppo barcha smartfonlar uchun 10 karralik gibrid zum texnologiyasini tayyorladi (+video)

Oppo Reno smartfonlari ikkita xususiyati bilan e’tiborga loyiq va ular qurilmaning old va asosiy kameralariga tegishli. Avvalo, bu modellarning 16 megapiksellik selfi-kamerasi korpus ichidan chiqadi, ammo Vivo NEX smartfonidagi kabi emas, balki qiyalab chiqadi – mexanizmning bir tomonigina ko‘tariladi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, bunga atigi 0,8 soniya vaqt ketadi. Smartfonlarning ikkinchi o‘ziga xosligi – flagman modelida bosh kameraning telefoto moduli periskopli bo‘lib, 10 karralik zumga ega.

Kompaniya standart Oppo Reno modelini 6,4 dyuymlik AMOLED-ekran bilan jihozlagan bo‘lib, romsiz displeyi Full HD+ formatida. Qurilmaning «elektron yuragi» Snapdragon 710 protsessori bo‘lib, bosh kamerasi ikkita – 48 megapiksellik asosiy va 5 megapiksellik keng burchakli sensorni o‘z ichiga oladi.

Yanada ilg‘or flagman – Oppo Reno 10x Zoom Edition bo‘lsa diagonaliga 6,6 dyuymlik displeyi, Snapdragon 855 protsessori hamda uch modulli bosh kamerasi bilan standart modelidan ustun. Bunda bosh kameraning asosiy sensori 48 MPlik, ikkinchi – keng burchakli (120 daraja) moduli 8 MPlik, uchinchi – 13 MPlik datchigi esa 10 karralik optik zum bilan suratga ola biladi.

O‘QING: «JONLI» VIDEO: Oppo 10 karralik optik zum va yaxlit ekranga joylangan daktiloskopli smartfonini ishlatib ko‘rsatdi!

Har ikkala modeldagi Oppo Reno smartfonida ham displeyga joylangan ikkinchi avlod (28.5 foizga tezkorroq) barmoq izi skaneri mavjud. Oppo Reno hamda Reno 10x Zoom tezkor xotiralari 6/8 GBlik, doimiy xotiralari esa 128/256 GBlik variantlarda taqdim etiladi. Har ikkalasi ham Game Boost 2.0 o‘yin rejimi hamda Super VOOC 3.0 tezkor quvvatlash texnologiyasi bilan ta’minlangan. Standart modelning akkumulyatori 3800, flagmanning batareyasi esa 41oo mA/soatlik. Ushbu smartfonlar ColorOS 6 grafik interfeysi ostidagi Android Pie operatsion tizim talqiniga ega. Har ikkalasi ham NFC-modul, Bluetooth 5.0, WiFi 802.11ac dual-band (2×2 MU-MIMO), ikki chastotali GPS (L1+L5) interfeyslari hamda USB-C portiga ega.

Kompaniya o‘z mamlakatida standart smartfonini 16 apreldan, flagman modelini esa may oyi o‘rtasidan sota boshlaydi, narxlari bo‘lsa quyidagicha:

Oppo Reno 6+128 GB – 446 dollar;

Oppo Reno 6+256 GB – 491 dollar;

Oppo Reno 8+256 GB – 536 dollar;

Oppo Reno 10x Zoom Edition 6+128 GB – 595 dollar;

Oppo Reno 10x Zoom Edition 6+256 GB – 670 dollar;

Oppo Reno 10x Zoom Edition 8+256 GB – 715 dollar.

Shuningdek, 24 aprel kuni Oppo mazkur smartfonlarining global taqdimotini Shveysariyada ham o‘tkazmoqchi. Bulardan tashqari, keyingi oyda Oppo Reno maxsus – 5G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlovchi versiyada ham taqdim qilishni ko‘zlagan.

O‘QING: Oppo ham o‘z buklama smartfonini ko‘rsatdi!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!