O‘zbekistonda ilk bor: Surxondaryoda YPX xodimlari bodi-kamera bilan ishlay boshladi

  •   DiMaX
  •  1766
  •  09.04.2019 16:13

O‘zbekistonda ilk bor: Surxondaryoda YPX xodimlari bodi-kamera bilan ishlay boshladi

Surxondaryo viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi (YHXB) xodimlari O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib bodi-kamera (body-camera)lardan foydalanishni boshladi. Bu haqda Surxondaryo viloyati IIB YHXB matbuot guruhi katta inspektori, leytenant Abror Choriyev ma’lum qildi, deb yozadi «Daryo» nashri.

O‘QING: Endi hamma YPXlarda mobil kamera bo‘ladi!

Surxondaryolik 80 nafar post-patrul xizmati xodimi, 60 nafar YHXB inspektorlari 8 apreldan boshlab sinov tariqasida raqamli bodi-kameralardan foydalangan holda xizmat olib bormoqda.

Bodi-kameralar maxsus buyurtma asosida Xitoyda ishlab chiqarilgan bo‘lib, quvvati uzluksiz 12 soat ishlashga yetadi, jazirama va yog‘ingarchilik ob-havo sharoitlarida ham qo‘llash mumkin.

«YPX xodimlari bilan haydovchilar orasidagi ko‘plab ziddiyatli, ta’magirlik holatlarining oldini olishda, sodir etilgan yo‘l harakati qoidabuzarliklariga oydinlik kiritilishida bodi-kameralarning o‘rni beqiyos», – deyiladi viloyat IIB YHXB matbuot guruhi axborotida.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga 2017 yilgi Murojaatnomasida yaqin vaqt ichida militsiya xodimlari yelkasiga bodi-kamera taqib ishlashini ma’lum qilgan edi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018 yil 1 dekabrda qabul qilingan qarorga muvofiq, 2019 yil 1 iyuldan boshlab yo‘l harakati qatnashchilari xizmatni mobil videokamerasiz olib borayotgan YPX xodimiga hujjatlarni taqdim etmaslik huquqiga ega.

O‘QING: Toshkentda qoidabuzarliklarni qayd etuvchi yangi uskuna ishga tushdi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.