Samsung buklamafonlar borasida navbatdagi qadamni tashlamoqda!

Samsung buklamafonlar borasida navbatdagi qadamni tashlamoqda!

Yil boshida flagmanlar va o'rta sinf smartfonlarini taqdim qilib bo'lgandan so'ng, Samsung endilikda o'zining yangi avlod planshetlari, Galaxy Tab S9 seriyasini taqdim qilishga tayyorlanmoqda. Albatta, planshetlar biroz yangicha ko'rinish va texnik xususiyatlar yangilanishiga ega bo'lishadi, lekin bundan ham nima qiziq ekanligini bilasizmi? Kompaniya yangi turdagi planshet yoxud yangi turdagi buklanadigan qurilma tayyorlayotgan bo'lishi mumkin!

Yaqinda Samsung o'zining yangi turdagi uch qismli buklanadigan qurilmasini tayyorlayotgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi. Yangi ulashilgan ma'lumotlarga ko'ra, bu "Galaxy Z Tab" nomli planshet bo'ladi. O'z nomidan ma'lumki, u kompaniyaning Z seriyasidagi buklanadigan qurilmalar oilasining yangi a'zosi bo'ladi.

Afsuski, yangi turdagi buklanadigan planshet haqida unchalik ko'p ma'lumotlar mavjud emas. Bu avval mish-mish qilinganidek uch qismli buklanadigan planshet bo'ladimi yoki shunchaki Galaxy Z Fold kabi bir marta buklanadigan planshet bo'ladimi bunisi biroz noaniq.

Agar uzunquloq xabarlar to'g'ri bo'lib chiqib, Samsung'ning yangi buklanadigan qurilmasi uch qismli planshet bo'ladigan bo'lsa, ehtimol, biz uning qanday ko'rinishga ega bo'lishini bilamiz. Quyida kompaniya bir necha yil avval patentlagan uch qismli buklanadigan planshet chizmasi va unga asoslanib dizayner Sarang tomonidan tomonidan yaratilgan (LetsGoDigital orqali) renderlarni ko'rishingiz mumkin:

Samsung patentlagan ikki buklanadigan Galaxy Z Fold Tab chizmasi. Foto: LetsGoDigital

 

Galaxy Z Fold Tab konsept dizayni. Foto: LetsGoDigital
Galaxy Z Fold Tab konsept dizayni. Foto: LetsGoDigital

Samsung topshirgan patent ma'lumotlariga ko'ra, Galaxy Z Fold Tab (kompaniya o'shanda qurilmani shunday nomlagan ekan va bu bo'lajak buklamaplanshet uchun ham amal qilishi mumkin) planshetining buklanadigan qismlari ham ichkariga, ham tashqariga buklanadi. Bunda siz planshet ekranini himoya qilish uchun uning yon qismlarini ichkariga buklab qo'yishingiz yoki kichikroq displeyga ega bo'lish uchun yon qismlarini tashqariga qayirib qo'yishingiz mumkin bo'ladi. Shuningdek, renderlarda planshet buklangandan keyin uning "qanotlari" orasiga S Pen qo'yish mumkinligi ham kreativ tarzda ko'rsatib berilgan, lekin bu shunchaki dizayn muallifi fikri va bu shunchaki konsept ekanligini unutmaslik kerak.

Ta'kidlash joizki, patent chizmalari har doim ham haqiqatga aylanavermaydi va albatta, Samsung uchun faqat bitta oshiq-moshiqli planshet chiqarish osonroq bo'ladi – kompaniya bu borada Galaxy Z Fold bilan to'rt yillik tajribaga ega va uning ekranini planshet darajasiga olib chiqib qo'yish muammo bo'lmasligi aniq.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!