Samsung Galaxy A52 va Galaxy A53 yangi chiqqan Galaxy A54'ga qarshi

Samsung Galaxy A52 va Galaxy A53 yangi chiqqan Galaxy A54'ga qarshi

Garchi o'rta toifaga mansub bo'lsa ham Samsung Galaxy A5X liniyasidagi smartfonlar xaridorlarga flagmanlarga yaqin texnik xususiyatlar taklif qiladi. Yaqinda Janubiy Koreya kompaniyasi o'zining shu qatordagi yangi smartfon, Galaxy A54 ni taqdim qildi. Galaxy A53 davomchisi, albatta, bir qancha yaxshilanishlarni o'z ichiga oladi. Xo'sh, bu o'zgarishlar hozirgi Galaxy A53 yoki Galaxy A52 smartfoningiz ustidan yangilanishga sabab bo'la oladimi?

Keling avval smartfonlarning asosiy texnik xususiyatlariga bir nazar tashlasak:

  Galaxy A52 Galaxy A53 Galaxy A54
O'lcham 159.9×75.1×8.4 159.6×74.8×8.1  158.2×76.7×8.2 
Ekran 6.5 dyuym, 1080×2400 piksel, Super AMOLED, HDR10+ 6.5 dyuym, 1080×2400 piksel, Super AMOLED, HDR10+ 6.4 dyuym, 1080×2340 piksel, Super AMOLED, HDR10+
Protsessor Snapdragon 750G Exynos 1280 Exynos 1380
Operativ xotira (RAM) 6/8 GB 4/6/8 GB 6/8 GB
Doimiy xotira 128/256 GB 128/256 GB 128/256 GB
Batareya 4500 mA/soat 5000 mA/soat 5000 mA/soat
Zaryadlanish tezligi 25 Vt 25 Vt 25 Vt
Orqa kamerasi 64+12+5+5 MP 64+12+5+5 MP 50+12+5 MP
Old kamerasi 32 MP 32 MP 32 MP

Dizayn

Agar hozirgi Galaxy A5X smartfoningizni Galaxy A54 ga yangilash uchun faqat birgina sabab mavjud bo'lsa, unda bu uning yangicha dizayni bo'ladi. Smartfon, u taqdim qilinmasidan bir oy avval chiqarilgan Galaxy S23 flagmani kabi ko'rinishni o'zlashtirgan – uchlik kamera modullarini o'zi endi smartfondan chiqib turadi (orqa tarafda bir qarashda siz uni Galaxy S23 dan deyarli ajrata olmaysiz). Hozirgi Galaxy A52 va Galaxy A53 modellaridagi to'rtta kameralar va LED chirog'ini esa to'rtburchak kamera oroli o'rab turadi va ehtimol, buni endi eskirgan dizayn deyishimiz mumkin.

Shuningdek, Galaxy A54 burchaklari va yon tomonlari yanada yumaloqlangan ekanligini ham alohida ta'kidlash joiz, chunki bu uning qo'lda yanada yaxshiroq turishini ta'minlaydi.

Galaxy A54 ning yana bir yutuqlaridan biri bu uning orqa tomoni plastik emas, balki shisha bilan qoplanganligidir, lekin bu o'ziga yarasha yo'qotish bilan kelgan yoxud Galaxy A54 materialining o'zgarishi uning biroz og'irlashishiga sabab bo'lgan:

Galaxy A54 - 202 gramm;
Galaxy A52; A53 - 189 gramm.

Ekran

Galaxy A54 o'zining avvalgilariga qaraganda biroz kichikroq ekranga ega – Galaxy A52 va Galaxy A53 smartfonlari ekrani 6.5 dyuym bo'lsa, Galaxy A54 modeli 6.4 dyuym o'lchamdagi ekranga ega va 200 nitga yorqinroq, ya'ni quyoshli sharoitda uning ekrani eski modellarnikiga qaraganda yanada yorqinroq bo'ladi. Qolgan xususiyatlari esa farq qilmaydi: 120 gerts yangilanish tezlikda yangilanadigan FHD+ rezolyutsiyadagi HDR10+ Super AMOLED displey Corning Gorilla Glass 5 bilan himoyalangan. Agar Galaxy A54 ekranida birgina "–" bo'lsa, bu uning qalinroq ramkasi bo'ladi. E'tibor bergan bo'lsangiz, Galaxy A52 va Galaxy A53 yangi smartfonga qaraganda ingichkaroq ramka bilan o'ralgan.

Operatsion tizim va ichki texnik xususiyatlari

Yangi smartfon, yangi versiyadagi operatsion tizim. Galaxy A54 smartfoni qutidan Android 13 ga asoslangan One UI 5.1 bilan chiqadi va bu uning "+" tomonlaridan biri. Shu bilan birga siz smartfonda hali yana 4 yil operatsion tizim va 5 yil xavfsizlik yangilanishlarini qabul qilasiz. Galaxy A53 ham xuddi shuncha yil yangilanishlar oladi. Aytish kerakki, u allaqachon o'zining ilk katta tizim yangilanishini qabul qilib bo'lgan. Galaxy A52 ga qaytadigan bo'lsak, u 3 yillik tizim va 4 yillik tizim yangilanishini qabul qiladi. U One UI 5.1 ga erishish uchun ikki "joni"dan foydalanib bo'ldi va endi unda yana bitta "jon" qoldi.

Galaxy A53 dan keyin Galaxy A54 ham Samsung o'zi ishlab chiqargan Exynos chipsetini olib yurish an'anasini davom ettiradi. Yangi smartfon Exynos 1380 bilan jihozlangan va u o'tgan yilgi Galaxy A53 ning Exynos 1280 chipsetidan yaxshiroq ishlashi tabiiy. Biroq, smartfondan kundalik foydalanishda bu o'zgarishni unchalik sezmasligingiz mumkin. Ikki yil avval Snapdragon 750G bilan jihozlangan Galaxy A52 ni Galaxy A54 bilan solishtirishning o'zi noto'g'ri, chunki yangi smartfon yaxshiroq va silliqroq ishlashi aniq.

Kameralar

Bugungi kunda smartfonlar sotuvidagi eng ko'p e'tibor kameralarga qaratilmoqda. Ko'proq kameralar, ko'proq megapiksellar sizni o'sha smartfonni sotib olishga undaydi, chunki ular sizni "yaxshi tasvirlar oladi" deb o'ylashgan undaydi. Biroq, Galaxy A54 holatida bunday emas. Boshlanishiga shuni aytish kerakki, smartfon endi avvalgilari kabi to'rtta emas, balki uchta kamera bilan jihozlangan, bittasi olib tashlangan (portret). Qolaversa, Galaxy A52 va A53 smartfonlari 64 MP kameraga ega edi. Galaxy A54 esa 50 MP kamera bilan jihozlangan. Smartfonni sotib olish fikridan qaytishga shoshilmang. Bitta sensor olib tashlanishi va megapiksellar soni kamaytirilishi Galaxy A54 yomon suratlar olishini anglatmaydi.

Galaxy A52 va A53 smartfonlarining f/1.8 diafragmali 64 MP kameralari, albatta, yaxshi suratlar oladi, lekin ular Galaxy A54 ning 50 megapikselli kamerasichalik zo'r emas. Gap shundaki, tasvirga olishda piksellar soni muhim ahamiyat kasb etmaydi. Samsung 50 MP kamera sensoridan o'zining Galaxy S flagmanlarida ham foydalanadi, chunki u 64 MP kamera sensoriga qaraganda yaxshiroq tasvirlar oladi. Ammo, agar fotografiyani zo'r biladigan odam bo'lmasangiz, unda ushbu kameralar o'rtasidagi farqni deyarli sezmaysiz. Qolgan ikki kameralar esa uchchala modelda bir xil: 12 MP ultra-keng va 5 MP makro. Selfi kamera tomonda ham o'zgarishlar mavjud emas yoxud Galaxy A52, A53 va A54 bir xil 32 MP old kameraga ega.

Batareya

Agar siz Galaxy A52 foydalanuvchisi bo'lsangiz, unda siz Galaxy A54 ga yangilanishni xohlashingiz mumkin, chunki qo'lingizdagi qurilma 4500 mA/s, Galaxy A54 esa 5000 mA/s batareyaga ega. Oradagi farq katta emas va Galaxy A52 batareyasini ham amallab 2 kunga yetkazish mumkin. Biroq, smartfoningiz batareyasi holati yomonlashgan bo'lsa, ya'ni uzoq vaqtga yetmayotgan bo'lsa, unda Galaxy A54 ga yangilanishni o'ylab ko'rishingiz tavsiya qilinadi. Galaxy A53 egalari esa batareya haqida qayg'urishmasa ham bo'ladi, chunki ularda ham batareya 5000 mA/s. Ha, aytgancha, batareyani quvvatlash tezligi uchchala smartfonda ham 25 Vt va ularning hammasi USB Type-C porti orqali quvvatlanadi. Hech qaysi biri simsiz zaryadlana olmaydi.

Qo'shimchasiga shuni ham aytishimiz kerakki, Galaxy A54 eski modellardan farqli o'laroq Wi-Fi 6 va Bluetooth 5.3 texnologiyalarini qo'llab-quvvatlaydi. Oldingi modellar esa Wi-Fi 5, Bluetooth 5.0 (A52)/Bluetooth 5.1 (A53) versiyalarida ishlaydi.

Xulosa

Galaxy A52 hali yoshini yashab bo'lganicha yo'q va agar u yaxshi ishlab turgan bo'lsa, uni Galaxy A54 bilan alishtirishingiz shart emas. Aksincha bo'lib, uning eskirayotgani bilayotgan bo'lsa, unda uni yangilash vaqti kelibdi. Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Galaxy A54 ga yangilanish sizga yangicha dizayn, kattaroq batareya, yangi versiyadagi operatsion tizim va uzoq yillik qo'llab-quvvatlash taklif qiladi. Ammo, shuni unutmangki, yangi smartfonda siz 3.5 millimetrli naushnik uyasi va FM Radio xususiyatini topa olmaysiz.

Galaxy A53 foydalanuvchilari esa cho'ntaklari va kayfiyatlariga qarab Galaxy A54 ga yangilanishni o'ylab ko'rishlari mumkin, chunki yangi avlod smartfoni o'zining avvalgisidan dizayndan boshqa katta o'zgarishlarga ega emas.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.