Sun'iy intellekt butun dunyoni egallab olmoqda, lekin men bunga tayyor emasman!

Sun'iy intellekt butun dunyoni egallab olmoqda, lekin men bunga tayyor emasman!

O'zimni xuddi chorrahada turgandek his qilyapman. Bir qismim meni sun'iy intellekt va ChatGPT kabi yirik til modellarining so'nggi yutuqlariga ergashishga undamoqda, ikkinchisi esa o'jarlik bilan bir joyda ildiz otib olib, harakat qilishdan bosh tortyapti. Menimcha, mening ota-onam kompyuterlar va smartfonlar dunyoni egallashni boshlaganida o'zlarini mana shunday his qilishgan bo'lishsa kerak - hayratlanarli va qo'rqinchli kelajak oldida go'yoki ular eskirib qolgandek. Agar zudlik bilan harakat qilmasam, bu narsalarga yetib olishga juda kech bo'ladi, chunki sun'iy intellekt dunyoni tez va shak-shubhasiz egallab olyapti, men esa bunga tayyor emasman.

Bugun Twitter'dagi "For You" (Siz uchun) sahifamga bir nazar tashlashning o'zi, qancha akkauntlar bilmayman (ularning haqiqiy odammi yoki yo'q ekanliklarini ham ayta olmayman), yangi GPT-4 qobilyati kashf etilganligini, Midjourney uchun yangi matn taklifi g'oyasi, yana bir matndan video yoki musiqa yoki har qanday media yaratuvchisi, kundalik vazifalarni avtomatlashtiradigan va pul ishlab chiqaradigan GPT plagini yoki integratsiyalashuvi, qo'shimchasiga, yana bir dunyo yangi va innovatsion SI xizmatlari va boshqa ko'plab narsalarni hayrat bilan aytishlarini ko'rsatadi.

Hatto (innovatsiyalar borasida) juda sekinligi bilan mashhur bo'lgan Adobe ham o'zining yangi Firefly generativ sun'iy intellekti bilan ishlamoqda, Google esa Bard bilan gazni bosmoqda. Va hamma har hafta bitta yangi SI xizmatini amalda taqdim qilayotgan Microsoft haqida gapirishdan to'xtamayapti. Agar siz hozir Bing Chat va ChatGPT haqida o'ylayotgan bo'lsangiz, unda siz bir necha hafta orqada qolgansiz - biz allaqachon Bing Image Creator, Microsoft Copilot va Loop bosqichiga o'tdik.

Va to'satdan, Balenciaga kiyib olgan Rim papasi... yoki u emasmi?

Balenciaga kiyimini kiyib olgan Rim papasi. Midjourney. Foto: Reddit

Bunisi oshib tushdi.

Ha, men o'zimni "bulutlarga baqirayotgan qariya"ga (memdan) o'xshab eshitalayotganimni tushunib turibman, lekin men shunchaki pauza qilishim kerakligini tan olsam maylimi? Bu na ota-onamning kompyuterlar va smartfonlar bilan boshdan kechirganlariga o'xshaydi, na yoshlar Snapchat va TikTok'dan foydalanishni boshlaganida men o'zimni hali ham YouTube va Twitter'ga haqiqiy 80-90 yillar odami kabi yopishib qolgandek his qilganimga o'xshaydi. Bu umuman unaqaga o'xshamaydi, chunki bu shunchaki texnologik innovatsiya emas; bu kunlik, yo'q, soatlik va shiddatli innovatsiya.

Avvalgi texnologik innovatsiyalar ishlab chiqish va keng tarqalishi uchun yillar vaqt olgan va unga ergashishni istaganlarda unga osonlik bilan kirish uchun vaqt bor edi. SI bilan esa, uni asta-sekin o'zlashtirish "hashamati" yo'qqa o'xshaydi. Men haqiqatda butun vaqtimni bunga bag'ishlay olmayman. Shunchaki yangi (SI) mahsulotlarni tekshirib ko'rish va ish vaqtidan tashqari ularning ba'zilarini sinab ko'rish esa hech ham yordam bermayotgandek go'yo. Mening kasbim esa texnologiya atrofida. Texnologiyaga yo'naltirilgan ishlarga ega bo'lmaganlar hozir nima deb o'ylashlarini tasavvur ham qila olmayman – balki ular sun'iy intellektning to'liq salohiyatidan bexabar bo'lganliklari yoki bu yana boshqa bir blokcheyn-NFT-Web3-metaolam kabi "moda" deb o'ylaganlari uchun ham bundan bezovtalanmayotgandurlar.

Biz kompyuter olamidagi tektonik revolyutsiyaga qarab turibmiz va bu so'nggi bir necha o'n yillikdagi grafik interfeyslar, veb (WWW), sensorli smartfonlar yoki ilova va xizmatlardan ko'ra ko'proq "paradigmik-siljish" hisoblanadi. Men GameBoy aqlga sig'maydigan darajada hayratlanarli texnologiya hisoblangan dunyoda o'sganman va ota-onam yordam bera olmagani uchun o'zimga mIRC dasturidan boshlab kompyuterga oid hamma narsani o'rgatishimga to'g'ri kelgan. Shaxsiy sharoitimni hisobga olgan holda bu ishni yaxshi bajardim deb o'ylashni istardim, ammo bu yaqinlashib kelayotgan (qo'rqinchli) o'zgarish bilan ishlash uchun o'zimni yomon "qurollangandek" his qilyapman.

Windows 95 uchun haqiqiy aktivatsiya kalitlari yaratib berayotgan ChatGPT sun'iy intellekti 

Biz sun'iy intellektning doimiy ravishda takomillashib borayotgan tasvirlari va videolarini aniqlash uchun yaxshi qurollangan emasmiz deb o'ylamayman, lekin shu bilan birga, bizda manba va faktlarni to'g'ri tekshirish uchun vositalar yo'q. Spam va fishing tez orada haqiqiy xabarlardan farq qilib bo'lmaydigan darajaga kelishi, eng yaxshilarimiz esa ularga aldanib qolishi mumkin. Tez orada keraksiz bo'lib qoladigan millionlab odamlar uchun esa ish xavfsizligini kafolatlaydigan siyosat ham mavjud emas.

Bilaman, balki men valdirayotgandirman, lekin xolam hali ham menga spam ekanligi aniq ko'rinib turgan xabarlarni menga yuboradi va ularga ishonsa bo'ladimi yoki yo'qligini so'raydi (bizni O'zbekistonda esa bu yaqinlaringiz sizni "50 ta odam qo'shing va falon yutuq beramiz" kabi firibgarlar guruhiga qo'shib qo'yishidek gap); men o'zim zo'rg'a farqlayotgan bir paytda qanday qilib undan sun'iy intellekt orqali yaratilgan videolarga aldanmay yashashni kutishim mumkin.

Ushbu maqolani qanday tugatishni bilmayman. Bu boshimda davom etayotgan suhbat va ishonchim komilki, vaqt o'tishi bilan hali uning ko'pdan-ko'p qirralarini ochaman. Sun'iy shov-shuvli intellekt "poyezdi"ga sakrab chiqib, undan maksimal darajada foydalanish uchun uning vositalari va ko'rsatmalarini, hamda, kitobdagi har bir hiylani o'zlashtirishga vaqt ajratamanmi? Yoki ko'plab odamlar texnologiyani o'zlashtirayotgan bir vaqtda uning ulkan kuchi va oldindan aytib bo'lmaydigan oqibatlari haqida o'ylab qotib qolgan holda kompyuterim ekraniga tikilib turamanmi? Birinchisini qilish uchun juda keksa va ikkinchisiga rozi bo'lish uchun juda yoshman...

Rita El Xuri, Android Authority

Xo'sh, ayni vaqtda davom etayotgan bu sun'iy intellekt revolyutsiyasiga siz qanday munosabatdasiz? ChatGPT va Midjourney kabi sun'iy intellektlardan foydalanib ko'rgan bo'lsangiz ular haqida fikringiz qanday? Yoki siz ham hali ulardan foydalanib ko'rmadingizmi? Nima deb o'ylaysiz, bu ham kriptovalyuta, NFT va metaolam kabi o'tib ketadigan quruq shov-shuvmi yoki haqiqiy kelajak? Telegram kanalimizda ushbu maqola posti ostida o'z izohlaringizni qoldiring.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!