Telegram'da yuzerneymlar bilan bog'liq uzoq kutilgan o'zgarish 

Telegram'da yuzerneymlar bilan bog'liq uzoq kutilgan o'zgarish 

Telegram foydalanuvchilari o'z profillari yoki ommaviy guruh/kanallari uchun @username (yuzerneym), ya'ni "foydalanuvchi nomi"ni qo'yishlari mumkin. Bu ularni messenjerda global qidiruv orqali tez va oson topish imkonini beradi. Yuzerneymlarning har biri noyob bo'lib, ular bir-birini takrorlamaydi. Aytish kerakki, Telegram'da yuzernyemlar "kim birinchi olsa o'shaniki" tamoyilida tarqatiladi va ularni soniyalar ichida, osongina band qilish mumkin. Shu sabab platformada kiberskvotting, ya'ni taniqli kompaniya, brendlar yoxud mashhur shaxslarning ismlari bilan yuzerneymlarni shunchaki band qilib olib, ularni sotish holatlari juda avj olgan.

Ma'lum bo'lishicha, Telegram so'nggi bir necha kun ichida uzoq vaqtdan beri shunchaki band qilib kelingan yoxud 1 yildan ortiq vaqt davomida kontent joylanmagan yuzlab ommaviy kanallar yuzerneymlarini hech qanday ogohlantirishsiz olib qo'ygan. Albatta, olib qo'yilgan yuzerneymlarni yana qayta band qilish mumkin bo'ladi, lekin bu darhol amalga oshmaydi va bir necha soat kutish kerak bo'ladi. 

Xabarlarga ko'ra, bu sinov amaliyoti bo'lib, kelajakda Telegram'da yuzerneymlarni band qilish tizimi yangilanishi mumkinligi aytilmoqda. 

Ta'kidlash joizki, agar siz xohlagan yuzerneym Telegram'da band bo'lsa va siz undan Facebook, Twitter va Instagram platformalarining hech bo'lmaganda ikkitasida foydalanib kelayotgan bo'lsangiz, unda Telegram'da band qilingan yuzerneymni @Username_bot orqali talab qilishingiz mumkin. 

O'QING: Durov bir necha hafta ichida Telegram'ga yana yangi funksiyalar qo‘shilishi ma’lum qildi