Uran sayyorasi hali bu qadar chiroyli ko'rinmagan!

Uran sayyorasi hali bu qadar chiroyli ko'rinmagan!

NASA o'zining James Webb teleskopi orqali olingan yana bir ulkan "muzli sayyora", Uranning shu kunga qadar olingan eng aniq detalli suratini e'lon qildi. Unda siz Quyoshdan uzoqligi bo'yicha yettinchi o'rinda turuvchi Uran sayyorasining avval ko'rinmagan halqalarini ham ko'rishingiz mumkin.

Ma'lum bo'lishicha, surat James Webb teleskopining Near-Infrared (NIR) kamerasi bilan joriy yilning 6-fevral sanasida olingan. Unda moviy sayyoraning 13 halqasidan 11 tasini ko'rinib turadi. Ularning 9 tasi asosiy, qolgan ikkitasi esa zaif chang halqalari hisoblanadi. Ularning ba'zilari shu qadar yorqinki, bir-biriga yaqinlashganida ular birlashib ketgandek ko'rinadi. Olimlar kelajakdagi Webb suratlari Uranning qolgan ikki tashqi zaif halqalarni ham oshkor qilishini kutishmoqda.

Uran sayyorasi. Foto: NASA (James Webb kosmik teleskopi) 

Sayyoraning o'ng tomonida Quyoshga qarab turgan katta yorqin maydon Uranning "qutbli qopqoq" deb nomlanadigan qutb tomoni hisoblanadi. Qutbning bir chetida, hamda, sayyoraning chap tomonida siz yorqin bulutlar paydo bo'lganligini ko'rasiz. NASA ularning paydo bo'lishi bo'ron faolligi bilan bog'liqligini va bu oddiy hol ekanligini ta'kidlaydi.

Shuningdek, 10 milliard dollarlik James Webb teleskopi Uranning 27 ta Oylarini tasvirga tushirishga muvaffaq bo'lgan. Ularning bir nechtasini siz quyidagi suratda ko'rishingiz mumkin (orqa fonda ko'plab gallaktikalar ham yaqqol ko'zga tashlanadi):

Uran sayyorasi va uning atrofidagi Oylar. Foto: NASA (James Webb kosmik teleskopi)

"Bu Uranning atigi ikkita filtrli qisqa, 12 daqiqalik oshkora tasviri edi. Bu Webb'ning sirli sayyorani kuzatishda nimalar qila olishi haqidagi aysbergning uchi xolos", – deydi NASA.

Uran sayyorasi o'zining orbita tekisligidan taxminan 90 graduslik burchak ostida aylanishi bilan noyob hisoblanadi ("dehqonchasiga tushuntirganda", agar Yer sayyorasini vertikal holatda aylanadi desak, unda Uran gorizontal holda aylanadi). Uran eniga to'rtta Yer sayyorasini sig'dira olishi mumkin. Yer Quyosh orbitasini aylanishi 1 yilga teng bo'lsa, Uran Quyosh orbitasini aylanishi Yerdagi vaqtga ko'ra 84 yilga teng.