Xiaomi 13 Ultra – kamerami yoki smartfon?

Xiaomi 13 Ultra – kamerami yoki smartfon?

Global bozor uchun bir yillik tanaffusdan so'ng, Xiaomi yangi Ultra flagman bilan qaytmoqda. Kompaniya tez kunda o'zining Xiaomi 13 Ultra smartfonini butun dunyoga namoyish qilmoqchi. Qurilma taqdimot sanasi yaqinlashar ekan, kundan-kunga uning yangi tizer suratlari paydo bo'lmoqda.

Xiaomi ana shunday sizni qiziqtirib qo'yadigan tizer posterlarning yana birini ulashildi. Unda siz haqiqiy kamerani eslatib yuboradigan smartfonni ko'rishingiz mumkin.

Ochig'ini aytganda bu smartfonmi yoki kamera, buni bir qarashda aytish qiyin. Suratga olish tugmasi bilan qurilmadan chiqib turgan qalinlik professional kamera apparatini eslatib yuboradi. Shuningdek, qurilmada smartfonlardagidek Quvvat va ovozni boshqarish tugmalari ham yaqqol ko'rinib turibdi.

Yumaloq kamera orolida esa qandaydir yozuvlar bor va agar suratni yaqinlashtiradigan bo'lsak, ularni o'qiy olamiz. U yerda "67 mm Filter Adapter" va "Ultra Photography Kits" yozuvlarini ko'rishimiz mumkin va bular bizga gap nima haqida ketayotganligini ochiqlab beradi – bu maxsus fotografik aksessuarlar bilan jihozlangan Xiaomi 13 Ultra yoxud smartfonning fotografiya uchun mo'ljallangan maxsus versiyasi.

Ta'kidlash joizki, o'tgan yilgi Xiaomi 12S Ultra'ning ham Leica linzalarini ulash mumkin bo'lgan maxsus Concept versiyasi namoyish qilingan edi, faqat u sotuvga chiqarilmagan. Balki, Xiaomi bu yil ham ana shunday cheklangan miqdordagi Xiaomi 13 Ultra variantini tayyorlayotgan bo'lishi mumkin. Ulashilgan tizer posterda "noyob Xiaomi 13 Ultra" "qayta kashf qilish uchun" (tekinga) berib yuborilishi ma'lum qilingan.

Xiaomi 13 Ultra kelayotgan 18-aprel sanasida taqdim qilinishi kutilmoqda.