Xiaomi dizayn bo'limi rahbari: "Xiaomi 14 Pro dizayni yakunlangan"

Xiaomi dizayn bo'limi rahbari:

Original Xiaomi 13 smartfonlari o'tgan yilning dekabr oyida chiqarilgan edi. Yaqinda esa Xiaomi kompaniyasi o'zining ushbu flagmanlari seriyasini Ultra model bilan yakunladi. Endigi navbat Xiaomi 14 qatoriga va u haqdagi ilk ma'lumotlar allaqachon Internetda tarqalib ulgurdi.

Vey Xu, Xiaomi'ning Sanoat dizayni bo'limi rahbari Weibo ijtimoiy tarmog'ida muxlislarning Xiaomi 14 haqidagi savollariga javob berdi. Uning aytishicha, Xiaomi 14 Pro dizayn ishlari allaqachon yakunlangan va u Mi 11 Ultra'dan ancha yaxshiroq ko'rinishga ega.

Weibo foydalanuvchisi: Xiaomi 14 Pro smartfoni Xiaomi Mi 11 Ultra dizaynini o'zlashtira oladimi?

Vey Xu: Bu (ya'ni dizayn ishi) allaqachon yakunlangan. U Mi 11 Ultra'dan ancha ajoyibroq.

Bundan avvalroq, Vey Xu muxlislardan birining Mi 11 Ultra dizayni haqidagi postga "biz ushbu dizaynni saqlab qolish yo'llarini qilamiz" deya izoh qoldirgan edi.

Xiaomi Mi 11 Ultra. Foto: surfa.se

Xiaomi Mi 11 Ultra smartfoni orqa tomonida sezilarli darajada bo'rtib chiqqan to'g'ri to'rtburchak kamera oroliga ega va u yerda nafaqat kameralar, balki bildirishnomalar, musiqa boshqaruvi va  boshqa funksiyalarga ega qo'shimcha displey ham bor.

Shuningdek, Vey Xu, ehtimol Xiaomi 14 narxiga oid ilk ma'lumotlarni ham oshkor qildi – Xiaomi 14 narxi oshsa oshadiki, lekin tushmaydi:

Weibo foydalanuvchisi: Xiaomi 14 qachon chiqariladi? Xiaomi 13 narxi juda "qattiq".

Vey Xu: Bizning yuqori narxlarimiz har doim "kuchli"ligicha qoladi, ertaroq sotib oling va ertaroq rohatlaning.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.