Yangi taqdim qilingan Redmi Note 12 seriyasi – bu qanday smartfonlar?

Yangi taqdim qilingan Redmi Note 12 seriyasi – bu qanday smartfonlar?

Xiaomi o'zining ilk Redmi Note 12 seriyasidagi smartfonlarini o'tgan yilning noyabr oyida Xitoyda taqdim qilgan edi. Tabiiyki, ular o'z mamlakatlarida eksklyuzivligicha qoladi. Ularning biroz o'zgartirilgan, aytish mumkin bo'lsa, texnik xususiyatlari birozgina pasaytirilgan variantlari so'nggi bir necha kunda Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari uchun taqdim qilindi. Ana shunday taqdimotlarning biri kecha, 6-aprel kuni Qozog'istonning Olmaota shahrida bo'lib o'tdi va u yerda Redmi Note 12 seriyasi rasman O'zbekiston uchun ham taqdim qilindi.

Yangi Redmi Note 12 seriyasi uchta: Redmi Note 12 (4G), Redmi Note 12 Pro (4G) va Redmi Note 12 Pro+ modellarini o'z ichiga oladi. Quyida ularning har biri bilan batafsil tanishib olishingiz mumkin. 

Redmi Note 12 (4G)

Redmi Note 12 (4G). Foto: Xiaomi

Redmi Note 12 (4G) modelidan boshlaydigan bo'lsak, 165.66×75.96×7.85 mm o'lcham va 183.5 gramm og'irlikdagi smartfon 6.67 dyuymli 120 gerts yangilanish tezligiga ega 2400×1080 piksellar o'lchamidagi AMOLED DotDisplay bilan jihozlangan va u maksimal 1200 nit yorqinlikka chiqa oladi.

Ekran yuqorida markazidagi teshikda joylashgan 13 MP (f/2.45) kamera bilan siz selfilar tushingiz yoki yuzingizni skaner qilish orqali telefonni qulfdan ochish imkonini beradigan funksiyadan foydalanishingiz mumkin. Orqa tomondagi 50 MP (f/1.8) asosiy, 8 MP (f/2.2, 120°) ultra-keng va 2 MP (f/2.4) makro kameralar esa sizga 1080p yoki 720p formatida 30 kadr/sekund tezlikdagi videolar olish imkonini beradi.

Kapot ostida qurilma Snapdragon 685 chipseti bilan 4+128 GB yoki 6+128 GB (LPDDR4X+UFS 2.2) xotira konfiguratsiyalarida taklif qilinadi. Albatta, doimiy xotirani microSD karta bilan 1 TB gacha kengaytirib olishingiz mumkin. Quvvat borasida esa smartfon 5000 mA/soat batareya bilan ta'minlangan va u 33 Vt tezlikda zaryadlanadi.

Smartfon Android 13 ga asoslangan MIUI 14 operatsion tizimida ishlaydi. Aloqa va ulanish borasida 4G, Wi-Fi 5 va Bluetooth 5.0 texnologiyalari qo'llab-quvvatlanadi. Qo'shimchasiga smartfon yon tomonida barmoq izini aniqlash skaneri o'rnatilgan. Bundan tashqari kontaktsiz to'lovlarni amalga oshirish uchun NFC, 3.5 millimetrli simli naushniklar uyasi va suv, changdan himoya uchun IP53 sertfikati mavjud.

Redmi Note 12 (4G) smartfonini qora, havorang va yashil ranglarda topishingiz mumkin.

Redmi Note 12 Pro (4G)

Redmi Note 12 Pro (4G) modeliga keladigan bo'lsak, u haqida batafsil ma'lumotlar ochiqlanmagan, lekin taqdimotdan ma'lum bo'lishicha, ushbu model ham 6.67 dyuymli 120 gerts yangilanish tezlidagi AMOLED displeyga ega bo'ladi va u Snapdragon 732G chipsetida ishlaydi. Uning 5000 mA/soat batareyasi esa 67 Vt tezlikda zaryadlanadi. Smartfonning o'ziga xos xususiyatlaridan biri uning to'rtlik kameralarida: 108 MP asosiy kamera bilan jihozlangan va u sizga 4K formatda videolar olish imkonini beradi. Qo'shimchasiga smartfonda ikkilik ovoz kuchaytirgichalar, 3.5 mm naushnik uyasi, infraqizil nur uzatuvchisi, NFC, IP53 sertfikati va Dolby Vision & Atmos qo'llab-quvvatlanishi mavjud.

Redmi Note 12 Pro+

Redmi Note 12 Pro+. Foto: Xiaomi 

Redmi Note 12 Pro+ modeli "shou yulduzi" bo'lib, u MediaTek'ning 6 nanometrli Dimensity 1080 chipseti bilan jihozlangan va shuning uchun ham u 200 MP asosiy kamerani qo'llab-quvvatlay oladi. Ushbu f/1.65 diafragmali kamera 16 piksellarni 1 talik 2.24 µm pikselga birlashtirish texnologiyasidan foydalanadi. 1/1.4 dyuymli sensor OIS (Optical Image Stabilization), ya'ni tasvirni optik barqarorlashtirish xususiyatiga ham ega.

Smartfonda bundan tashqari yana ikkita kameralar mavjud va ular oddiy 4G modelniki bilan bir xil: 8 MP (f/2.2, 120°) ultra-keng va 2 MP (f/2.4) makro. Xuddi 4G Pro model kabi ushbu smartfon ham 4K (30 fps) formartida video tasvirlash qobilyatiga ega. 1080p formatida esa siz 30 yoki 60 kadr/sekund tezlikda videolar ham olishingiz mumkin.

Kameralar mavzusidan uzoqlashmagan holda smartfon old tomoniga o'tsak, u yerda 16 megapikselli kamerani ko'ramiz. Aytish kerakki, ushbu selfi kamera bilan ham 1080p formatida 30/60 fps tezlikdagi videolar olisangiz bo'ladi.

Ekranga to'xtalib o'tsak: qatordagi boshqa modellar kabi Redmi Note 12 Pro+ ham 6.67 dyuymli 120 gerts yangilanish tezligiga ega FHD+ rezolyutsiyadagi AMOLED disley bilan ta'minlangan va uni Corning Gorilla Glass 5 himoya qiladi. Ekran maksimal yorqinligi 900 nit. Aloqa va ulanish borasida ikkilik 5G, Wi-Fi 6 va Bluetooth 5.2 texnologiyalari qo'llab-quvvatlanadi.

Ushbu modelning 5000 mA/soat batareyasi 120 Vt tezlikda zaryadlanadi. 120 Vt quvvatlash adapteri smartfon qutisida kelishini alohida ta'kidlash kerak.

Qo'shimchasiga smartfonda ikkilik ovoz kuchaytirgichlar, 3.5 mm naushnik uyasi, IR (infraqizil nur) uzatuvchi, X o'q chiziqli tebranish dvigateli, LiquidCool texnologiyasidagi sovutish tizimi, barmoq izi skaneri (yon tomonda), yuzni aniqlash skaneri, NFC mavjud. Bundan tashqari smartfonda Dolby Vision & Atmos, Hi Res sertifikatlari ham bor.

Redmi Note 12 Pro+ smartfoni 8+256 GB (LPDDR4X+UFS 2.2) xotira konfiguratsiyasida havorang, oq va qora ranglarda taklif qilinadi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.