Apple rasman Watch Series 9 va Watch Ultra 2 soatlarini taqdim qildi!

Apple rasman Watch Series 9 va Watch Ultra 2 soatlarini taqdim qildi!

Kutilganidek, kecha Apple'ning Wonderlust taqdimoti bo'lib o'tdi. Taqdimot kompaniyaning yangi avlod Watch Series aqlli soatlari namoyishidan boshlandi.

Apple Watch Series 9

Apple Watch Series 9 soatidagi eng katta o'zgarishlardan biri S9 chipi bo'lib, ushbu ikki yadroli protsessor 5.6 million tranzistorlarga ega va bu avvalgi S8 chipi tranzistorlari sonidan 60% ga ko'proqdir. Yangi chip bilan Siri'ga qilgan murojaatlaringiz yanada tezroq ko'rib chiqiladi va endi Siri sizga yanada aniqroq javoblar beradi.

Shu bilan birga S9 chipi o'zi bilan yangi bir ishora xususiyatini ham olib keladi: endi siz ko'rsatkich va bosh barmoqlaringizni bir-biriga tekkizish bilan soat funksiyalarini boshqara olasiz. Ushbu yangi ishora harakati Apple o'zining Vision Pro ko'zoynaklarini boshqarish harakatlarini ham eslatib yuboradi. Shunday qilib, yangi ishora harakati bilan siz qo'ng'iroqlarga javob berishingiz, musiqani pauza qilishingizni (yoki aksincha) va boshqa bir necha amallarni bajarishingiz mumkin.

Ta'kidlash joizki, shunga o'xshash boshqaruv harakatini avval ham AssistiveTouch orqali amalga oshirish mumkin edi, faqat uni amalga oshirish biroz "qo'polroq" edi. Yangi ikki barmoqli boshqaruv xususiyati oktabr oyida yangilanish sifatida yuboriladi.

Shuningdek, Watch Series 9 ikkinchi avlod ultra keng polosali chipga ega bo'lib, u sizga yo'qolgan iPhone smartfoningizni topishda katta yordam berishi mumkin. Bunda soat sizning smartfoningizga bo'lgan tahminiy masofa va yo'lni ko'rsatib turadi. Smartfoningizga yaqin kelib, uni topganingizda esa soat sizga qisqa vibratsiya beradi, tovush chiqaradi va siz uning ekranidagi masofa nolga yetganligini ko'rasiz.



Yanada sezilarli yaxshilanishlardan biri soat ekranida: kompaniyaning ta'kidlashicha Watch 9 displeyi 2000 nit maksimal yorqinlikka chiqa oladi. Bu o'tgan yilgi Watch 8 ekrani maksimal yorqinligindan 2 baravar ko'p. Yorug'lik kam bo'lgan, qorong'u holatda esa soat yorqinligi 1 nitgacha tushishi mumkin. Bunday ekran bilan soatning batareyasi o'rtacha 18 soatga, kam quvvatli rejimda esa 36 soatgacha yetadi.

Yangi soatni zanglamas po'latdan yasalgan korpus yoki to'liq qayta ishlangan alyuminiydan tayyorlangan korpus bilan topishingiz mumkin. U uchun ma'lum kamarlar kombinatsiya bilan esa siz Apple'ning ilk to'liq "uglerod neytral" mahsulotiga ega bo'lishingiz mumkin, qo'lingizdagi soat iloji boricha tabiatga zararli gazlarni chiqarmagan holda ishlab chiqarilgan. Buni Apple'ning 2030-yilgacha o'z bizneslarini to'liq uglerod neytral rejimiga o'tishda qo'ygan katta qadamlaridan biri deyish mumkin. Agar siz yangi uglerod neytral Watch 9 soatini xarid qilsangiz uning qutisida yashil belgini ko'rishingiz mumkin.

Apple Watch Series 9 soatlari 41 yoki 45 mm o'lchamlarda jilosiz alyuminiy korpusda pushti, tungi qora, kumush va yorqin yulduz ranglarda, hamda, zanglamas po'latdan yasalgan jiloli korpusda oltin, kumush va grafit ranglarda taklif qilinadi. Alyuminiy korpusli model uchun narxlar 399 dollardan, po'latdan yasalgan korpusli model uchun esa narxlar 699 dollardan boshlanadi. Sotuvlar rasman 22-sentabrdan boshlanadi.

Apple Watch Ultra 2

O'tgan yilgi Far Out taqdimotida debyut qilgan Watch Ultra aqlli va mustahkam himoyali soatining bu yil ikkinchi avlodi – Apple Watch Ultra 2 taqdim qilindi. U ham xuddi Watch Series 9 kabi S9 chipi va ikkinchi avlod ultra keng polosali chip bilan jihozlangan, hamda, barmoqlarni bir-biriga tekkizish bilan boshqarish xususiyatiga ega va shu bilan birga u ham ekran borasida sezilarli yaxshilanish olgan: uning yangi displeyi 3000 nit yorqinlikka chiqa oladi – bu Apple'ning aqlli soatlari tarixidagi eng yuqori natija bo'lib, ushbu ko'rsatkich o'tgan yilgi ilk model displey yorqinligidan ikki baravar ko'proqdir.

Yangi soat batareyasi o'rtacha 36 soatga, kam quvvat rejimida 72 soatgacha yetadi. Uning himoyasi bilan siz qo'rqmasdan 40 metrgacha chuqurlikda suv ostida suzishingiz, shuningdek suvga erkin sho'ng'ish amaliyotlarini ham bajarishingiz ham mumkin. Bundan tashqari, soat sayohatchilar va boshqa ochiq havoda yoki ekstremal sharoitlarda sport bilan shug'ulladiganlar uchun bir qancha foydali funksiyalarga ega. Axir ushbu qurilma aynan ular uchun chiqarilgan.

Apple Watch Ultra 2 titan korpusga ega va u 49 mm o'lchamda 799 dollar narxda taklif qilinadi. Uni ham siz uglerod neytral kamarlar bilan xarid qilishingiz mumkin. Sotuvlar rasman 22-sentabrdan boshlanadi.

Ha aytgancha, Apple Watch Series 9 ham, Apple Watch Ultra 2 ham watchOS 10 versiyasida ishlaydi va u soatlar uchun vidjetlar, yangi soat yuzlari kabi yangiliklarni o'z ichiga oladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!