Mish-mishlar yakunlandi: Galaxy S23 FE rasman taqdim qilindi!

Mish-mishlar yakunlandi: Galaxy S23 FE rasman taqdim qilindi!

O'tgan yil va oylarda yangi Galaxy FE smartfoni "o'lib-tirildi" yoxud ayrimlar Samsung ortiq Fan Edition modelini chiqarmaydi desa, boshqalar kompaniya yangi FE telefoni ustida ishlayotgani haqida xabar berishdi. Biroq, endi mish-mishlar ortda qoldi. Orada bir yillik tanaffusdan so'ng – Galaxy S22 uchun FE modelini o'tkazib yuborgach – Samsung birato'la Galaxy S23 uchun FE versiyasini taqdim qilib qo'ya qoldi.  

Galaxy S23 FE

Galaxy S23 FE smartfoni Samsung kompaniyasining eng oliy toifadagi Galaxy S modellariga "kirish" vazifasini bajaradi, ya'ni u flagman emas, lekin uni to'liq o'rta sinf a'zosi deb ham bo'lmaydi. Tashqi ko'rinishidan boshlaydigan bo'lsak, u Janubiy Koreya kompaniyasining bu yilgi barcha smartfonlariga qo'llanilgan uchlik kamera dizayniga ega. Smartfon bir qarashda Galaxy A54 5G modelini ham eslatib yuboradi, lekin FE'ni siz undan ixchamroq, premiumroq dizayni va biroz kattaroq kameralari bilan ajratib olishingiz mumkin.

Kameralar haqida gap ketgan shuni aytishimiz kerakki, ular Galaxy S23'nikidan qolishmaydi yoxud flagman model kamerasi qila oladigan ishlarni S23 FE'ning asosiy 50 MP (f/1.8) va 12 MP (f/2.2) ultra-keng sensorlari ham uddalay oladi. Uchinchi 8 megapikselli (f/2.4) telefoto linzasi haqida bunday deya olmasligimiz mumkin, ammo shunga qaramay u 3× optik zum qilish qobilyatiga ega.

Old tomonda esa selfilar uchun 10 MP kamera ekranning yuqori markazida joylashgan. Ushbu Dynamic AMOLED 2X ekran esa FHD+ rezolyutsiya, hamda 120 gerts yangilanish tezligiga ega va u 6.4 dyuym. Xuddi shunday xususiyatlarga xususiyatlariga ega Galaxy S23 ekrani esa undan kichikroq: 6.1 dyuym. Bu kattaroq ekran ishqibozlariga yangi FE'ni sotib olish uchun bahona bo'lish ehtimoli yo'q emas.

Kapot ostiga qaraydigan bo'lsak, biz bu yerda Galaxy S23 FE va Galaxy S23 o'rtasidagi katta "jarlik"ni ko'ramiz – flagman modelimiz Snapdragon 8 Gen 2 chipsetida ishlasa, yangi FE smartfon undan bir avlod oldingi Snapdragon 8 Gen 1 chipseti bilan jihozlangan. "Ehh" deyishga shoshilmang, chunki bu yomon degani emas. Ta'kidlash joizki, Snapdragon 8 Gen 1 chipseti o'tgan yilgi Galaxy S22 Ultra kabi kuchli smartfonlarga ham o'rnatilgan. 

Garchi ishlash tezligi borasida Galaxy S23 FE o'zining hozirgi flagmanidan biroz ortda qolsada, batareya xususida u sezilarli darajada ustunlikka ega – original Galaxy S23 smartfoni batareyasi 3900 mA/soat bo'lsa, yangi FE model 4500 mA/soat quvvat manbai bilan ta'minlangan.

Kattaroq batareya kattaroq yo'qotish bilan keladi yoxud Galaxy S23 FE og'irligi 209 gramm – taqqoslash uchun Galaxy S21 FE atigi 177 gramm og'irlikka ega edi. Nima bo'lganda ham qurilmadan o'rtacha foydalanganingizda uning batareyasi bir-ikki kunga yetib beradi. Quvvati qolmaganda esa siz uni 25 Vt tezlikda 50% gacha 30 daqiqada zaryadlab olsangiz bo'ladi. Qolaversa, yangi FE simsiz zaryad olish xususiyatiga ham ega.

Hali Android 14 ga asoslangan One UI taqdim qilinganicha yo'q. Shunday ekan, Galaxy S23 FE hozirgi Android 13 ustiga qurilgan One UI versiyasida ishlaydi. Havotirga o'rin yo'q, yangi smartfon Android 14 dan tashqari yana 3 ta (Android 17 gacha) katta yangilanishlarni qabul qila oladi.

Ha, aytgancha, aloqa va ulanish borasida qurilma 5G, Wi-Fi 6E va Bluetooth 5.3 texnologiyalarini qo'llab-quvvatlaydi. Uning tomonlari o'lchamlari 76.5×158×8.2 mm va u IP68 reytinggi bilan suv va changga chidamli deb topilgan. Ekologik jihatdan, smartfon qayta ishlangan alyuminiy, shisha va plastik materiallaridan ishlab chiqarilgan.

Galaxy S23 FE yalpiz rang, binafsharang, qaymoq rang, ko'k, mandarin rang va qora ranglarda 8GB RAM bilan 128/256 GB xotira (kengaytirish uchun microSD karta uyasi yo'q) variantlarida taklif qilinadi. Narxi esa 599 dollardan boshlanadi. Aytish kerakki, bu Galaxy S21 FE'ning 699 dollar, Galaxy S23 ning esa 799 dollar narxidan arzonroq. Smartfon ertadan, 5-oktabrdan boshlab ma'lum bir hududlarda sotuvga chiqariladi. Uning O'zbekiston bozoriga ham kelish ehtimoli yo'q emas.

*suratlar 9To5Google saytidan olindi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!