Chiqadi? Chiqmaydi? Chiqadi... Yangi Galaxy FE smartfoni haqidagi mish-mishlar muxlislarga umid bermoqda

Chiqadi? Chiqmaydi? Chiqadi... Yangi Galaxy FE smartfoni haqidagi mish-mishlar muxlislarga umid bermoqda

Agar siz ham biz kabi yangiliklarni muntazam ravishda kuzatib kelayotgan bo'lsangiz, unda so'nggi oylarda Samsung kompaniyasining yangi avlod Galaxy FE modelini chiqarilishiga oid yangiliklardan sizning ham boshingiz aylanib ketgani aniq. Gap shundaki, Janubiy Koreya kompaniyasi anchadan beri o'zining yangi Fan Edition smartfonini chiqarish-chiqarmasligi haqida mish-mish qilib kelinmoqda. O'tgan yili u "chiqarilmaydi" deyildi, keyin "Galaxy S23 FE bo'ladi" deyildi. Yaqindagina esa Galaxy S23 FE ham bekor qilingani aytilgan bo'lsa, so'nggi xabarlar Samsung muxlislari qalbida yana umid uchqunlarini paydo qildi.

SamMobile nashrining xabar berishicha, Samsung bu yil o'zining Galaxy S23 FE smartfonini chiqaradi va u kompaniyaning Exynos chipseti bilan jihozlangan bo'ladi. Bu mantiqan to'g'ri bo'lishi mumkin, chunki Samsung fevral oyida o'zining Galaxy S23 smartfonlarini barcha hududlar uchun Qualcomm Snapdragon chipseti bilan chiqargan. Avvallari esa Galaxy S va FE smartfonlari mamlakatlarga qarab yo Snapdragon, yoki Exynos chipi bilan taklif qilinar edi.

Shunday qilib, Galaxy S23 Fan Edition modeli barcha hududlardagi bozorlar uchun Exynos 2200 bilan taqdim qilinadi. Bundan tashqari, smartfondagi eng katta yangilanish uning orqa tomonidagi 50 megapikselli asosiy kamerasi bo'lishi aytilmoqda. Shu yerda aytish kerakki, Galaxy 20 FE va Galaxy S21 FE smartfonlari 12 MP asosiy kamera bilan jihozlangan edi, xuddi Galaxy S20 va Galaxy S21 modellarida bo'lgani kabi. Tabiiyki, Galaxy S23 FE ham Galaxy S22 va Galaxy S23 ortidan boradi.

Shuningdek, bo'lajak smartfon 128 va 256 GB doimiy xotira variantlarida 6 yoki 8 GB operativ xotira bilan taqdim qilinishini tahmin qilinmoqda. Uning batareyasi esa o'zgarishsiz, 4500 mA/soat bo'lib qolishi va u 25 Vt tezlikda quvvat olishi mumkin (Samsung saxiylik qilib quvvatlash tezligini 45 Vt ga ko'tarishi mumkinligi ehtimoli ham yo'q emas).

Ma'lum bo'lishicha, Galaxy S23 FE smartfoni Galaxy S liniyasiga mos ravishda SM-S711x model raqamiga ega bo'ladi. Manbaga ko'ra, smartfon joriy yilning to'rtinchi choragida, oktabr-dekabr oylarida taqdim qilinadi.