Galaxy S23 stilidagi yana bir Samsung byudjet smartfoni – Galaxy A24 chiqarildi!

Galaxy S23 stilidagi yana bir Samsung byudjet smartfoni – Galaxy A24 chiqarildi!

Samsung o'zining bu yilgi Galaxy A smartfonlari qatoriga yana bir modelni qo'shdi. Kompaniyaning Vetnamdagi saytida anchadan beri mish-mish qilib kelinayotgan Galaxy A24 smartfonining rasmiy sahifasi paydo bo'ldi.

Ma'lum bo'lishicha, Galaxy A24 smartfonining Infinity-U dizaynidagi ramkasi bilan o'ralgan 6.5 dyuymli Super AMOLED displeyi FHD+ (1080×2340) rezolyutsiyasida bo'lib, u 1000 nit maksimal yorqinlikka chiqa oladi. Shuningdek, ekran zararli ko'k-nurlarni kamaytira olish qobilyati uchun SGS Eye Care Display sertifikatiga ega. Afsuski, uning yangilanish tezligi haqidagi ma'lumot ochiqlanmangan, lekin oldingi mish-mish xabarlarda u 90 gerts bo'lishi aytilgan edi.

Smartfon orqa tomonida uning uchlik kameralari Galaxy S23 stilida joylashganini ko'rishingiz mumkin. Ularning asosiysi tasvirni optik barqarorlashtirish xususiyatiga (OIS) ega bo'lgan 50 MP (f/1.8) sensor bo'lsa, qolganlari 5 MP (f/2.2) ultra-keng va 2 MP (f/2.4) makro sensorlar hisoblanadi. Ushbu kameralar sizga Full HD rezolyutsiyada (1920×1080) sekundiga 30 kadr tezlikdagi videolar olish imkonini beradi. Ha, aytgancha, old tomondagi selfi kamera 13 MP (f/2.2).

Qurilma kapoti ostida MediaTek'ning sakkiz yadroli Helio G99 chipseti 6/8 GB operativ va 128 GB doimiy xotiralar bilan joylashgan. Albatta, doimiy xotirani microSD karta bilan 1 TB gacha kengaytirish mumkin. Smartfon Android 13 ga asoslangan One UI 5.1 operatsion tizimida ishlaydi. Uning 5000 mA/soat batareyasini 25 Vt tezlikda quvvatlash mumkin.

Aloqa va ulanish borasida smartfon 4G, Wi-Fi 5 va Bluetooth 5.3 texnologiyalarini qo'llab-quvvatlaydi. Kontaktsiz to'lovlar uchun NFC xususiyati ham mavjud. Bundan tashqari smartfonda 3.5 millimetrli simli naushnik uyasi va barmoq izini aniqlash skaneri (yon tomonda) ham bor. Smartfon 162.1×77.6×8.3 mm o'lcham va 195 gramm og'irlikda.

Galaxy A24 smartfoni Galaxy A14 kabi qora va to'q qizil, shu bilan birga, Galaxy A34 ranlariga o'xshash laym va kulrang ranglarda taklif qilinadi. Narxi hozircha aniq emas, lekin uzunquloq xabarlarga ko'ra smartfon 2-2.5 million so'm narxda chiqariladi (O'zbekistonda sotuvga chiqarilishi ehtimoli yo'q emas).

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!