Samsung kompaniyasi iPhone egalarini o'z tomoniga og'dirib olish uchun yangi taktikani qo'llamoqda

Samsung kompaniyasi iPhone egalarini o'z tomoniga og'dirib olish uchun yangi taktikani qo'llamoqda

Google, Xiaomi yoki boshqa Android smartfon ishlab chiqaruvchilari emas, balki faqat Apple'ga qarshi – Samsung kompaniyasi "Galaxy egasi bo'lmagan foydalanuvchilar" uchun o'zining "Try Galaxy" veb-ilovasini yangilaganligini e'lon qildi. Gap shundaki, veb-ilova faqat ayfonchilar uchun chiqarilgan va undan siz Google Pixel yoki boshqa Android smartfoningizda foydalana olmaysiz.

Yangi "Try Galaxy" ilovasi bilan iPhone egalari Galaxy S23, Galaxy Z Flip 4 va Galaxy Z Fold 4 smartfonlarining interfeysi tajribasini onlayn sinab ko'rishlari mumkin. Buning uchun ular trygalaxy.com saytiga kirishlari va u yerdagi QR-kodni skaner qilishlari kifoya. Sizdan veb-ilovadan Safari brauzerida foydalanish va uni Bosh ekranga o'rnatish so'raladi.

Foto: Samsung

Ta'kidlash joizki, bu iOS'ni to'liq Galaxy S23 interfeysiga o'zgartirib beradigan launcher ilova emas, balki u to'g'ridan-to'g'ri brauzerda ishlaydi.

Barchasi tayyor bo'lgandan keyin onlayn dastur iPhone egalariga Android 13 ga asoslangan One UI 5.1 versiyasining "mazasini totib ko'rish" imkonini beradi. Nima qanday ishlashi tushuntirib beriladigan tezkor qo'llanmadan so'ng siz platforma bo'ylab aylanib yurishingiz mumkin. Ehtimol, ilova onlayn bo'lgani uchun u biroz kechikishlar bilan, qotib ishlashi mumkin, lekin internet yaxshi bo'lsa, muammo bo'lmaydi.

Foto: 9To5Google

Veb-ilovada iPhone egalari Samsung va Google'ning asosiy ilovalarini sinab ko'rishlari mumkin. Masalan, xabar almashish ilovasidan. U yerda Samsung sizga Object Eraser (suratlardan keraksiz narsalarni o'chirib beradigan xususiyat) kabi boshqa funksiyalarni sinab ko'rishni eslatadigan soxta SMS xabarlar yuboradi.

Foto: 9To5Google

Bundan tashqari Samsung veb-ilovadagi Sozlamar menyusida orqa fon va interfeys stilini o'zgartirish, hamda, xavfsizlik sozlamalarini sinab ko'rishni tavsiya qilgan holda ularni alohida ko'k ramka bilan ko'rsatadi. Qolaversa, veb-ilovada Samsung Health, Smart Switch va boshqa ilovalarni ham sinab ko'rish imkoniyati mavjud.

Bu iPhone egalariga Galaxy tomonga o'tish uchun qanchalik yordam beradi bunisi noma'lum, lekin Janubiy Koreya kompaniyasi o'zining Try Galaxy veb-ilovasi o'tgan yili ishga tushirilganidan beri 2 milliondan ortiq marotaba yuklab olinganligini ta'kidlaydi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!