Yangi boshlanish: Meizu o'z logotipini yangiladi

Yangi boshlanish: Meizu o'z logotipini yangiladi

Bir necha kun avval Xitoyning Meizu texnogiganti o'z logotipini yangiladi va bu kompaniyaning ilk logotipi taqdim qilinganidan roppa-rosa 20 yil o'tib sodir bo'lmoqda.

Yangi logotipga bir qarashda siz M harfini ko'rasiz va bu kompaniyaning Meizu nomidagi M harfi bilan bog'liq deya tabiiy qabul qilasiz, lekin bu yerda bundan boshqa yashirin belgilar ham bor. Masalan, M harfini yakunlaydigan nuqtani olib tashlasak, biroz qiya holatda turgan N harfini ko'rishimiz mumkin.

Bu ingliz tilidagi "new", ya'ni "yangi" so'zi bosh harfi hisoblanadi va kompaniya yangi sayohat boshlaganligini anglatadi. Agar bu N harfiga yon tomondan qarasangiz, siz Z harfini ko'rasiz. Bu esa Meizu so'zidagi Z harfiga ishora qiladi. MeiZu. Nuqta nimani anglatishi va boshqalar haqida kompaniyaning o'zidan eshiting:

"Pastki o'ng burchakdagi nuqta cheksiz olamning boshlang'ich nuqtasini, cheksiz energiyaga ega o'ziga xoslikni anglatadi. Logotip 45° burchak ostida ishlab chiqilgan bo'lib, uning yuqoriga yo'nalishi chegaralarsiz muhabbat ruhini aks ettiradi. Yumaloq burchaklar esa vizual ravishda yumaloqroq bo'lib, qattiqlikni kamaytiradi va texnologiyaning iliqligini aks ettiradi"

Meizu'ning yangi logotipi hozircha faqat kompaniyaning Xitoydagi biznesi uchun amal qiladi, ya'ni Meizu o'zining yangi ko'rinishini global bozorga ko'rsatganicha yo'q.

Ta'kidlash joizki, Meizu oxirgi marta o'z logotipini 2015-yilda yangilagan edi.

Ehtimol, Meizu tashkil topganidan 20 yil o'tib uning logotipi o'zgarishi bilan birga shu kunlarda taqdim qilinishi kutilayotgan Meizu 20 seriyasidagi flagman smartfonlar tasodif emas. Kompaniya haqiqiy comeback'ga tayyorlanmoqda.